AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning uzoq kutilgan uchrashuvi 16 iyul kuni Finlyandiya poytaxti Xelsinkida bo‘lib o‘tdi. Ayni vaqtda Amerika jamoatchiligi prezident bu uchrashuvda ishonchlarni oqlamaganidan norozi bo‘lmoqda.
Xelsinkida nimalar bo‘ldi?
AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin faqat tarjimonlar guvohligida yopiq eshiklar ortida 90 daqiqa qolishdi.
Shundan so‘ng siyosatchilar jurnalistlar qarshisiga chiqishdi.
Unda Donald Tramp Rossiya bilan munosabatlar yomonlashuvi uchun barcha aybni AQSh zimmasiga yukladi. Muxbir undan bunda Rossiyaning ham aybi bor-yo‘qligini so‘raganida, u «ha» dedi, lekin yana AQShning avvalgi hukumatiga malomat yog‘dirdi va Rossiyaning «aybi» haqida gapirishdan qochdi.
U Rossiya bilan munosabatlar yomonlashuvining asosiy sababi sifatida Bob Myullerning tekshiruvlarini keltirdi.
Aytish kerakki, Trampdan oldin Xelsinkiga kelgan AQSh Davlat kotibi, Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq rahbari Mayk Pompeodan Myullerning tekshiruvi ikki mamlakat munosabatlariga qanchalik yomon ta'sir ko‘rsatgani haqida so‘rashgandi. U esa «yo‘q» degandi va sababchi Rossiya ekanini aytgandi. Xelsinkidagi uchrashuvdan keyin esa jurnalistlar undan izoh olishga erisholmagan.
Vladimir Putin Robert Myuller tekshiruvida Rossiyaning yordamini taklif qildi, xususan, uning aytishicha, Myuller Rossiyaga kelib, gumon ostidagi Razvedka boshqarmasining 12 xodimini so‘roq qilishi mumkin bo‘ladi (O‘tgan haftada AQSh adliya vazirligi Rossiya razvedka bosh boshqarmasining 12 xodimini milliy demokratik qo‘mita, AQSh demokratik partiyasining kongressga saylovlar bo‘yicha qo‘mitasi, prezidentlikka nomzod Xillari Klintonning saylov shtabi serverlarini buzib kirishdi va xakerlardan olingan ma'lumotlarni e'lon qilishda ayblagandi - tahr.)
Shu bilan birga, Putin buning evaziga AQSh ruslarga Bill Brauderni (Uilyam Brauder) so‘roq qilish uchun ruxsat berishi kerakligini aytdi (Hermitage Capital Management’ning ijrochi direktori Uilyam Brauder bir vaqtlar Rossiyadagi eng yirik investorlardan hisoblangan. U «Gazprom», «Surgutneftgaz» va boshqa bir qator kompaniyalarning aksiyalariga egalik qilgan. 2005 yilda unga Rossiyaga kirish eshiklari yopilgan. Uning aytishicha, «YuKOS» neft kompaniyasining egasi Mixail Xodorkovskiy hibsga olingach, Putin Rossiyadagi barcha oligarxlarni to‘plagan va foydani u bilan shaxsan bo‘lishishlarini taklif qilgan. Brauder ko‘p marta, birinchi bor esa 2015 yilda CNN’ga bergan intervyusida Putinning boyligini 200 milliard dollarga baholagan, biroq o‘shanda ham, undan keyin ham bunga isbot keltirmagan.)

















