Jahon | 21:08
1657
3 daqiqa o‘qiladi

Bloomberg: Putin urushni yil oxirigacha yakunlamoqchi, ammo o‘z shartlari asosida

Kreml esa dedlayn yo‘qligini ma’lum qildi.

Foto: Rossiya FVV / RIA Novosti / Profimedia

RF prezidenti Vladimir Putin urushni 2026 yil oxiriga qadar yakunlamoqchi, ammo faqat o‘zi g‘alabali deb hisoblaydigan shartlar asosida, deb yozmoqda Bloomberg manbalarga tayanib.

Bu shartlar Donbass ustidan to‘liq nazoratni, shuningdek, Rossiyaning hududiy yutuqlarini amalda tan oladigan Yevropa bilan keng qamrovli xavfsizlik shartnomasini o‘z ichiga oladi.

Bloomberg manbalari yana quyidagilarni aytishgan: Kremldagi ayrim yuqori martabali mulozimlar mojaro boshi berk ko‘chaga kirib qolgan va uni hal qilishning aniq yo‘li yo‘q, deb hisoblamoqda. Rossiya elitasining ko‘plab vakillari Ukrainaning front chizig‘idan uzoqda joylashgan shaharlarga zarbalari tufayli rossiyaliklar orasida kuchaygan «asabiy kayfiyat» va urushdan charchashni baham ko‘rishadi.

RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Bloomberg uchun bergan izohida Putin urushni yakunlash uchun hech qanday muddat belgilamaganini aytgan.

So‘nggi haftalarda Ukraina dronlari Rossiyaning chegaradan yuzlab kilometr masofada bo‘lgan nishonlari bo‘ylab tez-tez zarba bermoqda. Asosiy nishonlar – neftni qayta ishlash zavodlari; bunday nishonlarga hujumlar oqibatida kuchli yong‘inlar chiqmoqda. Reuters may oyi o‘rtalarida hujumlar Rossiyaning markaziy qismidagi deyarli barcha neftni qayta ishlash zavodlari (mamlakatda ishlab chiqariladigan jami neft mahsulotlarining to‘rtdan bir qismi shu korxonalarga to‘g‘ri keladi) faoliyatiga jiddiy zarar yetkazganini yozib chiqqandi. Dronlar muntazam ravishda turar joylar va boshqa fuqarolik obektlariga ham kelib urilmoqda, bu esa tinch aholi orasida qurbonlarga sabab bo‘lmoqda.

Bu fonda Vladimir Putinning reytingi pasayib bormoqda. Rossiyaning yetakchi sotsiologik markazlaridan biri bo‘lgan «Obshestvennoye mneniye» fondi (FOM)ning yangi so‘rovnomasi ko‘rsatishicha, respondentlarning 14 foizi Putinning faoliyatini «yomonroq» deb baholashini bildirgan – bu so‘nggi bir yillikdagi maksimal ko‘rsatkichdir. Taqqoslash uchun, 2025 yil mayida bunday deb hisoblovchilar ulushi 6-7 foizdan oshmagan.

Ukraina TIV rahbari Andrey Sibiga 21 may kuni Ukraina-NATO Kengashining norasmiy yig‘ilishida urushda burilish nuqtasi yuz bergani va Moskvaga bosim kuchayib borayotgani haqida fikr bildirdi. «Ukraina mudofaani ushlab turibdi va Rossiyaning son jihatdan ustunligi endi hal qiluvchi omil emas», – dedi u.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid