Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasida Jahon Bankining ta'lim bo‘yicha bosh mutaxassisi bilan muzokaralar o‘tkazildi
2018 yil 19 iyul kuni Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Jahon Bankining ta'lim sohasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda Jahon Bankining ta'lim bo‘yicha bosh mutaxassisi Yansen Teysheyr (Janssen Teixeira) va loyihalar bo‘yicha mutaxassisi Julia Liberman (Julia Liberman) ishtirok etdi. Bu haqda inspeksiya rasmiy sayti xabar bermoqda.
O‘zbekistonda baholash tizimi faoliyati bilan tanishuv, baholashda nazariya va dalillar, baholash usullari va farqlari, baholash tizimi tavsifi, O‘zbekistonda baholash tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha harakatlar rejasini muhokama qilish qilish kabi masalalar uchrashuv kun tartibidan o‘rin oldi.
Joriy yilning 17 iyul kuni PISA xalqaro dasturi boshqaruv kengashi o‘z javob xatida O‘zbekistonning PISA-2021 dasturida ishtirok etish taklifini ma'qullab, ikki tomonlama shartnomaning oxirgi mukammallashtirilgan shaklini taqdim qilgan edi.
Mazkur shartnomaga ko‘ra, dasturda ishtirok etish xarajatlari jami 665 000 yevro bo‘lib, shundan 205 000 yevro dasturda ishtirok etish to‘lovi va 460 000 yevro ilk marotaba qatnashayotgan rivojlanayotgan davlatlar salohiyatini rivojlantirishga doir sherikchilik shartnoma to‘lovi hisoblanadi. Ushbu to‘lovlar 4 yil mobaynida yiliga teng miqdorda bo‘lib to‘lash yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bunga qo‘shimcha ravishda, PISA dasturini O‘zbekistonda joriy etishga mas'ul Milliy markaz faoliyatini tashkil etish xarajatlari 300 000 yevroni tashkil qiladi. Keltirilgan masalalar yuzasidan Jahon Banki vakillari tomonidan turli chora-tadbirlar tavsiya qilindi. Jumladan:
1. Investitsiya loyihasi. Ushbu loyiha asosan Jahon Banki guruhi mablag‘lari yoki donorlar (ishonchli fondlar) tomonidan loyihalashtiriladi. Bu turdagi loyiha mavjud yoki yangi loyihalar asosida amalga oshirilishi mumkin. Jahon Banki tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarga juda kam miqdorda foiz stavkalari belgilanadi. Grantlar esa mutlaqo tekindir. Ular ishonchli fondlar mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi mumkin.
2. Jahon banki byudjyetidan moliyalashtiriladigan texnik yordam. Jahon Banki o‘z mijozlariga maqsadli texnik yordam ko‘rsatishga qodir, bu boradagi vazifalar hukumat vakillari bilan strategik muhokama qilinadi. Bular asosan Jahon Banki tomonidan moliyalashtiriladigan yoki bank xodimlari amalga oshiradigan keng ko‘lamli vazifalar doirasiga kirmaydi.
3. Qaytariladigan maslahat xizmatlari. Jahon Banki o‘zining global bilim va tajribalari asosida mijozlarga pullik xizmatlar/yordam turlarini taklif qiladi. Ushbu turdagi operatsiyalar mijozlarining ehtiyojlaridan kelib chiqqan xolda keng ko‘lamli yoki maqsadli bo‘lishi mumkin. Bunda barcha xizmatlar oldindan moliyalashtiriladi. So‘ngra xizmatlar ko‘rsatib bo‘linganidan so‘ng mijozlar tomonidan to‘lab beriladi.
Uchrashuv davomida, shuningdek, Jahon Banki tomonidan O‘zbekiston uchun xalq ta'limi tizimini rivojlantirishga ajratilgan 150 000 AQSh dollari miqdoridagi loyiha mablag‘idan ham maqsadli foydalanish bo‘yicha takliflar, xususan, PISA-2021`dagi ishtirok etish to‘lovlari uchun ishlatish yoki xalqaro ekspertlarni jalb qilish kabi xarajatlarga qo‘llash mumkinligi ta'kidlab o‘tildi.
Muzokaralar 23 iyulga qadar davom etishi rejalashtirilgan. Kelishuv natijalari keyinroq ma'lum qilinadi.
Mavzuga oid
16:30 / 11.12.2024
O‘zbekistonning Rossiya oldidagi qarzi oshdi
19:02 / 14.09.2024
Jahon banki Orol dengizini saqlashning ikkinchi bosqichida ishtirok etadi
23:19 / 21.06.2024
O‘zbekiston karbon dioksidi chiqindilarini kamaytirgani uchun Jahon Bankidan 7,5 mln dollar oldi
22:16 / 01.04.2021