Jahon | 14:26 / 23.07.2018
10196
3 daqiqa o‘qiladi

«Novichok» bilan zaharlangandan so‘ng omon qolgan britaniyalik o‘z ruhiy holati haqida gapirdi

Foto: SUPPLIED BY PIXEL8000

Eymsberida «Novichok» asab-falajlovchi modda bilan zaharlangan britaniyalik Charli Rouli shifoxonadan chiqarilgach, o‘z ruhiy holati haqida aytib o‘tdi, deb yozmoqda The Sun gazetasi.

Politsiya Roulini shifoxonadan so‘ng xavfsizlik darajasi kuchaytirilgan kvartiraga joylashtirdi. Politsiya britaniyalikka mobil telefonning maxsus raqamini bergan. Ta'kidlanishicha, kvartirada televizor va gazetalar yo‘q. Biroq, politsiya unga DVD-qurilmada filmlar tomosha qilishga ruxsat bergan. Rouli jurnalistlar bilan o‘z akasining telefoni orqali muloqot qildi.

«Men bu yerdan chiqib ketib, o‘zim xohlagan narsalar bilan shug‘ullanishni istayman», - degan u The Sun’ga.

Uning akasi Metyuning nashrga aytishicha, Roulida xotira yo‘qolishi kuzatilyapti. Shu bilan birga, tibbiyot hamshiralari 45 yoshli erkakning ruhiy holatidan tashvishda. Jabrlanuvchining akasi so‘zlariga ko‘ra, yangi qoidalar uni «aqldan ozdirmoqda».

«Men haqiqatdan ham ko‘chaga chiqishni xohlayman. Shifoxonadan chiqarib yuborishganidan juda xursandman, biroq men ko‘plab dorilar bo‘lgan xonada qulflanib qoldim. Men juda zerikmoqdaman», - dedi Charli Rouli.

30 iyun kuni Eymsberida Charli Rouli va Don Sterjyess hushsiz holda topildi. Shundan so‘ng ular shifoxonaga o‘ta og‘ir ahvolda olib ketilgan. Britaniya politsiyasining fikricha, ular «Novichok» asab-falajlovchi moddasi bilan zaharlangan.

Londonning taxminicha, GRU sobiq zobiti Sergey Skripal va uning qizi Yuliya ham Solsberida aynan shu modda bilan zaharlangan. Buyuk Britaniya ro‘y bergan hodisada Rossiyani aybladi. Moskva bunga aloqador ekanini rad etyapti. Ayni vaqtda Sergey va Yuliya Skripal shifoxonadan chiqarildi. 44 yoshli Don Sterjyess 8 iyul kuni hayotdan ko‘z yumdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Novichok» bilan zaharlashda gumonlanayotgan shaxs fotosurat yordamida qidirila boshlangani xabar berilgandi. 

Mavzuga oid