“Kun.uz” sayti elektron pochtasiga har kuni yuzlab maktublar, murojaatlar va shikoyatlar keladi. Ularni ko‘zdan kechirar ekansiz ayrim mahalliy rahbarlar tomonidan misli ko‘rilmagan nomaqbulchilik, no‘noqlik, sansalorlik va yo‘q joydan muammo yaratish kabi holatlarga guvoh bo‘lasiz.

Ana shunday maktublar orasida Andijon viloyatidagi – “Qorasuv paypoq to‘qish fabrikasi” qishloq xo‘jaligi kooperativining 495 nafar mulkdorlari tomonidan yo‘llangan murojaat e'tiborimizni tortdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 23.02.2017 yildagi “Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ–2796–sonli qarori ijrosini ta'minlash niqobi ostida, Andijon viloyatidagi “Qorasuv paypoq to‘qish fabrikasi” qishloq xo‘jaligi kooperativi sun'iy ravishda inqiroz holatiga olib kelinayotganligi to‘g‘risida bayon etilgan.

Vaziyatga xolis baxo berish maqsadida ijodiy guruhimiz Andijonga yo‘l oldi.

Mamlakatimizning to‘qimachilik sanoati tarixiga nazar tashlasak, sobiq Ittifoqdan meros bo‘lib qolgan va ulkan hajmda paypoq to‘qishga ixtisoslashgan kombinatlar soni atigi 3ta edi.

Biri Jizzaxda, yana biri Qo‘qonda, uchinchisi Andijon viloyati Qorasuv shahrida edi. O‘tgan yillar davomida Jizzax va Qo‘qondagi mazkur gigant korxonalarning umri bitdi. Uquvsiz boshqaruv, tor manfaatlar, bozor iqtisodiyoti talablarini yaxshi bilmaslik oqibatida korxonalar barbod bo‘lib, yuzlab ishchilar ko‘chada qoldi.

Faqatgina Qorasuvdagi paypoq to‘qish fabrikasi ishbilarmonlik ruhi va boy tajriba tufayli saqlab qolindi. Aslida dolg‘ali yillarning taloto‘plaridan eson-omon chiqib kelayotgan va ish o‘rinlarini saqlab qolayotgan korxona rahbarlariga rahmat aytish kerak emasmi?! Lekin amalda nima bo‘layapti?

Bizni Qorasuvda korxona rahbarlari va ma'sul xodimlar ochiq chehra bilan kutib olishdi. Dastavval korxona faoliyati bilan yaqindan tanishish istagimiz borligini so‘radik va ishlab chiqarish sexlarini atroflicha ko‘zdan kechirdik. Ma'lumot o‘rnida aytish kerakki, mazkur “Qorasuv paypoq to‘qish fabrikasi” dabdurustdan Andijon viloyati qurilishi tugallanmagan obektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini xatlovdan o‘tkazish hamda aniqlash bo‘yicha Idoralararo komissisi xulosasiga ko‘ra, foydalanilmayotgan korxonalar ro‘yxatiga qo‘shib qo‘yilgan. Bu RO‘YXAT asos qilinib, korxonaga nisbatan ta'sirchan soliq mexanizmi ya'ni oshirilgan soliq to‘lash chorasi qo‘llanilgan. Natijada korxona oz emas-ko‘p emas 232 million so‘mdan ortiq soliqqa tortilgan.