Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Belgiyada 2023 yildan boshlab mo‘yna va fua-gra ishlab chiqarish taqiqlanadi
Belgiyada 2023 yildan boshlab fransuz delikatesi – fua-gra va hayvonlar mo‘ynasi ishlab chiqarish rasman taqiqlanadi.
“Hayvonlarni mo‘ynasi uchun o‘ldirish o‘tgan asrlarda qolishi kerak. Xuddi shu narsa g‘ozlarning fua-gra uchun majburiy bo‘rdoqiga boqilishiga ham taalluqlidir. Hayvonlarni mo‘ynasi uchun ko‘paytirish va g‘ozlarni delikates olish uchun majburiy boqish 2023 yildan boshlab noqonuniy bo‘ladi”, deb ma'lum qilgan Belgiyaning hayvonlarni asrash bo‘yicha vaziri Ben Veyts.
OAV ma'lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda Belgiyaning Flandriya viloyatining o‘zida mo‘yna olish uchun 200 ming jonzot o‘ldiriladigan 17 ta ferma mavjud. Fua-gra Belgiyaning ba'zi viloyatlarida 2017 yildan boshlab olinishi taqiqlangan.
Fua-gra – bo‘rdoqiga boqilgan g‘oz yoki o‘rdakning maxsus tarzda tayyorlangan jigaridir. Normal sharoitlarda boqilgan g‘ozning jigari odatda 100 grammni tashkil qiladi, bo‘rdoqiga boqilganiniki 1 kggacha yetadi. Belgiya fua-gra ishlab chiqariladigan Yevropaning 5 ta davlatidan biri hisoblanadi. Fua-gra, shuningdek, Fransiya, Ispaniya, Bolgariya va Vengriyada ishlab chiqariladi.