Jamiyat | 22:16 / 25.07.2018
13125
3 daqiqa o‘qiladi

Qimorxona tashkil etgan shaxsga hukm o‘qildi

Joriy yilning 19 iyul kuni jinoyat ishlar bo‘yicha Toshkent viloyat O‘rtachirchiq tuman sudi tomonidan Bobur mahalla fuqarolar yig‘inida sud majlisi o‘tkazildi. Unda ayblanuvchi A.A. ustidan Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi bo‘yicha (qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish) jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Ma'lum bo‘lishicha, A.A. 2018 yil 29 may kuni soat taxminan 13.00larda Nurafshon shahar, Bobur mahallasi, Olmazor ko‘chasi, 78-uyida qimorxona tashkil etib, sheriklari A.B. va Z.Sh. larga pulga karta o‘yini (burra) o‘ynashga sharoit yaratib bergan va ularga qo‘shilib o‘zi ham o‘ynayotgan vaqtida ichki ishlar xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Sud majlisida ayblanuvchi aybiga to‘liq iqror bo‘ldi.

Sud, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 278-moddasi 1-qismi bilan (qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish) va Jinoyat kodeksi 57-moddasini (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llab, 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.

Ularga quyidagi tartibda ozodlikni cheklash jazosi belgilandi:

  • alkogolli ichimliklar iste'mol qiladigan va ko‘ngilochar joylarga, jumladan, kafe, bar, restoran, tungi klub, tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yingohlarga bormaslik;
  • qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish va unda ishtirok etmaslik;
  • ommaviy tadbirlarda, ya'ni bayram sayillari, namoyishlar, mitinglarda ishtirok etmaslik;
  • jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar bilan aloqa o‘rnatmaslik va yaqin munosabatda bo‘lmaslik;
  • alkogolli ichimliklar va giyohvandlik moddalarini iste'mol qilmaslik;
  • mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz, yashash va ish joyini o‘zgartirmaslik hamda Toshkent viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik kabi qo‘shimcha cheklashlar yuklatildi.

Jazoni ijro etish Toshkent viloyat Nurafshon shahar IIB ning jazolarni ijro etish inspeksiyasi zimmasiga yuklatildi.

Hukmdan norozi taraflar shikoyat yoki protest bildirishga haqliligi tushuntirildi.

Mavzuga oid