Jahon | 12:16 / 25.07.2018
32069
2 daqiqa o‘qiladi

Putindan yana bir arab davlatidagi vaziyatga aralashish iltimos qilindi

Foto: AP

Yamandagi shia isyonchilari – husiylar oliy siyosiy kengashi raisi Mahdi Al-Mashat Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Yaman hududidagi fuqarolik urushini to‘xtatishda ko‘mak ko‘rsatish iltimosi bilan telegramma jo‘natdi. Bu haqda Yamanning SABA axborot agentligi ma'lum qildi. 

Xabarda aytilishicha, 19 iyulda Al-Mashat Rossiyadan o‘zining xalqaro ta'siridan Yamandagi tajovuzni to‘xtatish va undan blokadani olish uchun qo‘llashni so‘ragan. U Putinni mamlakatda xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlashga chaqirgan.

Shuningdek, husiylar shunday iltimos bilan Fransiya hukumatiga murojaat qilgan. Ular Fransiya prezidenti Emmanuel Makrondan “tinchlikni o‘rnatishda siyosiy rol o‘ynash”ni so‘rashgan.

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya bilan kurashayotgan husiylar 13 iyunda ularga qarshi islom koalitsiyasi tomonidan “Oltin g‘alaba” operatsiyasi boshlangandan keyin mag‘lubiyat yoqasiga kelib qoldi. Bu operatsiya davomida Qizil dengiz bo‘yida joylashgan strategik muhim shahar Xudaydo bosib olingan. 

Yamandagi fuqarolik urushi 2014 yildan beri davom etmoqda. Unda tomonlardan birida husiylar jangovar qanoti va armiyaning mamlakatning sobiq rahbariyatini qo‘llab-quvvatlovchi bir qismi, boshqa tomonda esa Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya va husiylar tomonidan mamlakatdan quvilgan prezident Abd Rabbo Mansur Hodiy qo‘shinlari kurashmoqda.

Rossiya harbiy-koinot kuchlari Suriya prezidenti Bashar Asad Moskvaga harbiy yordam ko‘rsatish iltimosi bilan murojaat qilgandan keyin 2015 yildan Suriyadagi harbiy kampaniyada ishtirok eta boshlagan. 

Mavzuga oid