2018 yilning birinchi yarim yilligida inflyatsion kutilmalar bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga ko‘ra iqtisodiyotda inflyatsiyaning aholi va tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan sezilgan va kutilayotgan darajalarida pasayish tendensiyasi shakllanganligi kuzatildi, deyiladi Markaziy bank hisobotida.

Shuningdek, joriy yilning II choragida davlat tomonidan ma'muriy tartibga solinadigan ayrim tovar va xizmatlar narxlari (tariflari)ning oshirilishi hamda go‘sht va guruch kabi kundalik iste'mol tovarlarining qimmatlashishi mazkur davrda sezilgan inflyatsiya darajasining pasayish sur'atining yanvar-mart oylaridagi ko‘rsatkichga nisbatan sekinlashishiga olib keldi.

O‘z navbatida, sezilgan inflyatsiya darajasining pasayish jismoniy va yuridik shaxslarning kelgusidagi inflyatsion kutilmalarini shakllanishiga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatdi.

O‘rganilgan davrda qisqa muddatli istiqboldagi (1 oy) inflyatsion kutilmalar indeksi dinamikasida pasayish iyun oyigacha davom etgan bo‘lsa-da, uzoq muddatli istiqbolda (12 oy) iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalar II chorak davomida deyarli o‘zgarishsiz qoldi.

Respondentlar fikriga ko‘ra, uzoq muddatli inflyatsion kutilmalarning nisbatan yuqori darajada saqlanib qolishiga kelgusi 12 oyda ish haqi oshishi natijasida yalpi talabning yanada ortishi hamda davlat tomonidan tartibga solinadigan narxlarning ko‘tarilishi kabi omillar sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, so‘rovda ishtirok etgan ekspertlarning katta qismi iqtisodiyotda uzoq muddatli inflyatsion kutilma yuqoriligini bildirishdi.

Aholi tomonidan sezilgan qisqa muddatli inflyatsiya indeksi2 2017 yilning oxirida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining keskin oshishi ta'sirida, joriy yilning yanvar va fevral oylarida, yuqori darajada qayd etilib, 692 va 619 ga teng bo‘ldi. Ya'ni, respondentlar javoblarining balanslashtirilgan o‘rtachasi mazkur oylarda sezilgan inflyatsiya mos ravishda ulardan avvalgi oylardagi darajada bo‘lganini ko‘rsatdi.

Mart oyida sezilgan inflyatsiya indeksi o‘tgan oyga nisbatan keskin (25 foizga) pasaydi.

Joriy yilning II choragida elektr energiyasi va tabiiy gaz to‘lovlari oshirilishi sezilgan inflyatsiya ko‘rsatkichiga salbiy ta'sir ko‘rsatib, indeksni biroz ko‘tarilishiga va keyingi oylarda uning pasayishini sekinlashishiga olib keldi. Mart-iyun oylarini balanslashgan indekslari mos ravishda ulardan avvalgi oylarda aholi uchun narxlar biroz oshgani sezilganligini ko‘rsatdi.