Jahon | 22:20 / 25.07.2018
7969
2 daqiqa o‘qiladi

Video: Shvetsiyalik rahmdil talaba afg‘onistonlik muhojirning deportatsiya qilinishiga rozi bo‘lmadi

Shvetsiyadagi Gyoteborg universiteti talabasi Elin Ersson hukumat tomonidan boshpana berish rad etilib, vataniga qaytarib yuborilayotgan afg‘onistonlikning deportatsiyasini to‘xtatib qolishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda The Guardian xabar tarqatgan.

Ersson deport qilingan afg‘on bilan bir samolyotga chiqqandi. U muhojirning mamlakatdan chiqarib yuborilishiga qarshilik qilib, o‘z joyiga o‘tirishdan bosh tortdi. Bu holatda esa samolyot havoga ko‘tarila olmasdi. Talaba jarayonni feysbukdagi sahifasi orqali jonli translyatsiya qiladi.

«Bu kishini samolyotdan tushirib qoldirmasangiz, men joyimga o‘tirmayman. Chunki u Afg‘onistonga qaytsa, uni o‘ldirishadi. Men bu odam o‘lishini istamayman», deydi u.

Shunda unga yo‘lovchilardan biri tashlanib, bas qilishni talab qiladi va qizning telefonini tortib olishga harakat qiladi.

«Menga siz nima deb o‘ylayotganingiz baribir. Reys kechikmoqda. Qolaversa, samolyotda bolalar bor. Siz ularni qo‘rqitmoqdasiz. O‘chiring telefoningizni», deydi ingliz tilida gapirgan yo‘lovchi tahdidona ohangda.

Yo‘lovchilarning aksar qismi Elin Erssonning yonini olishadi.

Yakunda Ersson o‘z niyatiga yetishadi, muhojirni samolyotdan tushirib qoldirishadi. Yo‘lovchilar Erssonni olqishlashadi.

Shvetsiya nashrlarida taxmin qilinishicha, talaba qiz ataylabdan shu samolyotga chiqqan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid