Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Akademik Rufat Mahkamov vafot etdi
O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi. Mashinasozlik sohasidagi taniqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Rufat G‘ulomovich Mahkamov 2018 yil 26 iyulda 88 yoshida vafot etdi. Prezident va hukumat a'zolarining ta'ziyasi matni O‘zA’da e'lon qilingan.
R. Mahkamov 1954 yili N. Bauman nomidagi Moskva oliy texnika bilim yurtini tugatib, 1957-1960 yillarda mazkur bilim yurti aspiranturasida tahsil oldi. 1961 yilda nomzodlik, 1978 yilda doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a'zosi etib saylandi.
R. Mahkamov o‘z mehnat faoliyatini 1954 yili sobiq ittifoq Mashina qurilish texnologiyasi ilmiy-tadqiqot institutida kichik ilmiy xodim sifatida boshladi. Iste'dodli olim qariyb 64 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Prezidiumi Texnika fanlari bo‘limi ilmiy kotibi, Geologiya instituti katta ilmiy xodimi, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti dotsenti, kafedra mudiri, professori kabi lavozimlarda xalqimiz va Vatanimizga sidqidildan xizmat qilib, mamlakatimizda ilm-fan va ta'lim sohalarini rivojlantirish, mashinasozlik sohasida yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi.
Zahmatkash olimning ilmiy ishlanma va tadqiqotlari respublikamiz mashinasozligi sohasida keng qo‘llanib kelinmoqda va iqtisodiyotimiz tarmoqlari rivojida muhim ahamiyatga ega.
R.Mahkamovning texnika sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan 200 dan ziyod ilmiy maqolalari, kitob va monografiyalari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislariga yaxshi ma'lum.
Jonkuyar ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga saboq bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida bir qator fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.
Akademik R. Mahkamovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” unvoni bilan mukofotlangan edi.
Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Rufat Mahkamovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh. Mirziyoyev, N. Yuldoshev, N. Ismoilov,
A. Aripov, B. Yo‘ldoshev
Mavzuga oid
08:10 / 09.06.2026
Shavkat Mirziyoyev Filippin prezidentiga ta’ziya maktubi yubordi
18:24 / 06.06.2026
O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov vafot etdi
17:36 / 25.05.2026
Shavkat Mirziyoyev Pokiston rahbariyatiga ta’ziya yo‘lladi
20:06 / 29.09.2025