O‘zbekiston | 10:23 / 26.07.2018
7993
3 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura: 3 145ta sud qarori prokurorlar protestiga asosan bekor qilindi

Foto: Bosh prokuratura axborot xizmati

Joriy yilning 24 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hay'atining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Hay'at majlisida O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi organlarining mamlakatda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish borasida 2018 yil 1-yarmidagi faoliyati yakunlari va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda prokuratura organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Prezident farmonlari va qarorlari hamda Hukumat qarorlari ijrosi ustidan nazoratni ta'minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.

Xususan, qonunchilik ijrosi ustidan nazorat, shuningdek barcha islohotlar, shu jumladan davlat dasturlari ijrosini tashkil etish borasidagi tadbirlar natijasida 11 512 ta noqonuniy hujjatlar qonunga muvofiqlashtirilgan, 63 142 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklangan.

Prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida jami 250,7 mlrd so‘m zarar undirilgan.

Tadbirkorlarning huquqiy himoyasini ta'minlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va eksport hajmini kengaytirishga qaratilgan qonunlar ijrosini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilib, 12 595 nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari hamda mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda 2 052 nafarining faoliyati tiklangan.

Voyaga yetmaganlarning huquqiy himoyasini ta'minlash va ma'naviy-axloqiy tarbiyasini kuchaytirish, ularni diniy ekstremizm g‘oyalaridan asrash maqsadida 5 779 ta huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan.

Jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali tashkil etish maqsadida idoralararo hamkorlik kuchaytirilib, tezkor-qidiruv, surishtiruv va tergov faoliyatini muvofiqlashtirish hamda profilaktik tadbirlarning sifatini oshirish choralari ko‘rilgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda ko‘rilgan choralar natijasida o‘tgan 6 oyda umumiy jinoyatchilik 38,7 foizga kamayishiga erishilgan.

Jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy va ma'muriy sud ishlarini yuritishda fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish borasida ham qator ishlar amalga oshirilgan.

Jumladan, 3 145 ta sud qarorlari prokurorlar protestiga asosan bekor qilingan va qonunga muvofiqlashtirilgan.

Mavzuga oid