Ellikqal'a tumanida muammo: ota-onalar maktabning ko‘chirilishi haqidagi hokimiyat qaroriga qarshi chiqishmoqda
KUN.UZ tahririyatiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal'a tumani, Qirqqizobod ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi bir guruh vatandoshlarimizdan murojaat kelib tushdi.
Unda aholining 4-son davlat ixtisoslashtirilgan umumta'lim maktabini boshqa binoga ko‘chirib yuborilishidan norozi ekani yozilgan edi.
Vaziyatni o‘rganish uchun Qirqqizobodga borib, murojaat qilgan ota-onalar bilan 4-son maktab binosida uchrashdik, ularning fikrini o‘rgandik. Yig‘ilishda 30 nafardan ortiq o‘quvchining ota-onasi ishtirok etdi.
Qirqqizobodda joylashgan 4-son davlat ixtisoslashtirilgan umumta'lim maktabida o‘zbek tili chuqurlashtirilgan holda o‘rgatiladi. Ayni paytda 14ta sinf mavjud bo‘lib, jami 355 nafar o‘quvchi ta'lim olmoqda. Maktabda 12ta sinf xonasi mavjud.
Maktab eski bolalar bog‘chasi (maktabgacha ta'lim muassasasi) binosida 22 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Yaqinda mahalliy hokimiyat tomonidan 4-son maktabni shu hududda joylashgan 16-son umumta'lim o‘rta maktabi binosining bir qismiga ko‘chirilishi haqida e'lon qilingan. Maktab xodimlari va ota-onalarning bir guruhi esa bundan norozi bo‘lishmoqda.
4-son davlat ixtisoslashtirilgan umumta'lim maktabi ta'lim-tarbiya jarayonining namunali tashkil qilingani bilan tumanda obro‘ qozongan. Bu maktabni tugatgan o‘quvchilarning barchasi akademik litseylarga imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan holda qabul qilinmoqda, ko‘pchiligi esa oliy ta'lim dargohlariga o‘qishga kirgan.
Nima uchun ota-onalar maktabning ko‘chirilishiga qarshi?
Ota-onalar qo‘mitasi raisi Bahodir Sodiqov fikriga ko‘ra, 4-maktabda yaratilgan sharoitlar 16-maktab binosida mavjud emas, shu tufayli ular maktabning ko‘chirilishiga qarshi.
«Maktabimizda yaratilgan sharoitlarni boshqa yerda ko‘rmaysiz. Bu yerdagi xodimlarning bilimi, saviyasi ham yuqori. O‘quvchilarga qo‘yilayotgan talablar ham yuqori darajada, shunga yarasha, bolalarimizning bilimi boshqa maktab o‘quvchilarinikidan yaxshiroq. Boshqa maktablarda o‘quvchilarga qo‘yilayotgan talablar yuqori emasligini ko‘ramiz. Mana 16-maktabga ko‘chirilishi haqida gap-so‘zlar bor. Ammo u yerda sharoit yaxshi emas, qishda gaz yo‘q, bolalar sovuqda o‘tirganini ko‘rganmiz. 4-son maktabimizda esa 2ta gaz va 2ta ko‘mir kotyoli bor. Qishda bolalar issiq xonalarda ta'lim oladi».
Nafaqadagi ayol Xoljon Elubayeva fikriga ko‘ra, maktabning ko‘chirilishi xavfsizlik nuqtai nazaridan to‘g‘ri emas.
«Nabiram shu maktabda ta'lim oladi. Agar 16-son maktabga ko‘chirilsa, mashina qatnovi yuqori bo‘lgan katta yo‘ldan o‘tib borishiga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yili shu yo‘lda bir necha avtohalokat yuz berib, bolalar nobud bo‘lgan edi. Bundan xavotirdamiz».
66 yoshli nafaqadagi ayol Dilbar Jumaniyazova ham uning fikriga qo‘shildi.
«4-son maktabning o‘z o‘rnida qolishini talab qilamiz. Bu yerda tartib-intizom ham joyida, ta'lim berish darajasi ham yuqori. Bundan tashqari, bolalar ichki yo‘llardan maktabga kelishadi. 16-maktab yo‘li esa xavfli. O‘tgan yili ana shu yo‘lda bir necha bola mashina tagiga tushib, nobud bo‘ldi».
Ota-onalar qo‘mitasi raisi 70 yoshli Sanamjon Alimova gapiga ko‘ra, 4-maktab uchun 16-maktabdan atigi 8ta sinf xonasi ajratilgan. Bu esa kam.
«4-maktab kollektivi juda yaxshi ishlamoqda, tartib-intizom ham zo‘r. O‘zimning 2 nabiram shu maktabda ta'lim olib, keyinchalik oliy o‘quv dargohlariga kirgan. Bu yerda har bir fanning alohida kabineti bor. Bolalar darslardan keyin, mashg‘ulotlarda ishtirok etishadi. Bizga taklif qilinayotgan 16-maktabning sharoiti yaxshi emasligini ko‘rdik. Sinf xonalari yetishmaydi. 8ta sinf xonasida ta'lim jarayonini qanday tashkil qilish mumkin?».
Sanamjon opaning ta'kidlashicha, shu maktabdagi ta'lim sifatidan xursand bo‘lgan ota-onalar yillar davomida uning ta'mirlanishiga, kutubxonasining kitoblar bilan to‘ldirilishiga o‘z hissasini qo‘shib kelishgan.
«O‘z ixtiyorimiz bilan shu maktabning ta'mirlanishiga, kutubxonasining kitoblar bilan boyitilishiga hissa qo‘shganmiz. Birov bizdan 1 so‘m pul so‘ramagan. Nima qilgan bo‘lsak, barchasini farzandlarimiz uchun qilganmiz. Shu maktabdagi ta'lim jarayoni, mehnat jamoasining ishini ko‘rib, xursand bo‘lib, shu ishlarda ko‘mak berganmiz».
55 yoshli uy bekasi Xotira Talxanbayeva so‘zlariga ko‘ra, maktabning ko‘chirilishini eshitgan nabirasi tushkunlikka tushib qolgan.
«Nabiram bu maktabda o‘qishidan juda faxrlanadi. U maktabning ko‘chirib yuborilishini eshitib, ancha tushkunlikka tushib qolgan. Hatto, «buvijon, endi boshqa yerga ko‘chib ketamizmi», demoqda. Yaqinda maktabdagi imtihonlarda qatnashdik. Har bir ota-ona o‘z farzandining bilimini, imtihonlarda qanday javob berishini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bundan juda quvondik. Axir bunday holat qaysi maktabda bor?».
Nafaqadagi ayol O‘g‘iljon Kamolova gaplariga ko‘ra, maktabni o‘z o‘rnida saqlab qolish masalasi bo‘yicha juda ko‘p tashkilotlarga murojaat qilingan, ammo natija bo‘lmagan.
«Biz bu masalada juda ko‘p eshiklarni qoqib bordik, murojaat qildik. Hatto, Toshkent, Nukus shaharlaridagi mulozimlar bilan uchrashdik. Ammo, muammoning ijobiy yechimi topilmadi. Biz yozgan murojaatlar bo‘yicha kelgan javoblarda bir gap, amalda esa boshqa gap bo‘lmoqda».
Ota-onalarning qo‘lida bu muammo bilan shug‘ullangan Ellikqal'a tumani prokuraturasi tomonidan yuborilgan javob xati bor. Unda (diqqat!) «4-sonli umumiy o‘rta maktabi binodan ko‘chirilmasligi hamda bu binoni maktabgacha ta'lim muassasasiga aylantirilmasligi aniqlandi», deb yozilgan.
«Hatto, Ellikqal'a tumani prokuraturasi javobida maktab ko‘chirilmasligi haqida yozilgan. Ammo, tuman hokimiyati esa 1 avgustdan maktab ko‘chiriladi deyapti. Qaysi gapga ishonishimiz kerak?» - deydi Kamolova.
Ellikqal'a tumani hokimiyati pozitsiyasi - maktab ko‘chiriladi.
Bu masala yuzasidan Ellikqal'a tumani hokimi Saidamet Avezov va tuman Xalq ta'limi boshqarmasi rahbari Quvondiq Yuldashev bilan suhbatlashdik.
Saidamet Avezov so‘zlariga ko‘ra, 4-son maktab joylashgan bino hozirgi kunda talabga javob bermaydi va u ko‘chirib yuboriladi. O‘rnida esa zamonaviy maktabgacha ta'lim muassasasi paydo bo‘ladi.
«4-son maktab sobiq bog‘chaning binosida joylashgan. U zamonaviy maktabga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi. Agar mana shu talablar doirasida tekshiriladigan bo‘lsa, maktab shu bugunoq yopib yuborilishi mumkin. Shu tufayli, uni 16-maktab binosining bir qismiga ko‘chiramiz. Uning binosini esa ta'mirlab, maktabgacha ta'lim muassasasiga aylantiramiz. Ayni paytda, tumanimizda bolalarni maktabgacha ta'lim muassasasiga qamrab olinishi yetarli darajada ta'minlanmagan. Biz mana shu ishlarni amalga oshirishimiz lozim.
16-maktab binosi hozir ta'mirlanmoqda. Uni zamonaviy, shinam ko‘rinishga keltirish ishlari olib borilmoqda. 4-son maktab uchun binodagi 8ta o‘quv xonasi va bunga qo‘shimcha ravishda yana 3ta xonani ajratganmiz. Ular barcha talablarga javob beradigan ko‘rinishga keltiriladi. 4-son maktab bilan 16-son maktab orasi atigi 200-300 metrni tashkil qiladi. Bu o‘quvchilar uchun qo‘shimcha noqulaylik tug‘dirmaydi».
Ellikqal'ala tumani Xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Quvondiq Yuldashev fikriga ko‘ra, 4-son maktabning ko‘chirilishi ta'lim jarayoni sifatiga salbiy ta'sir qilmaydi.
«4-son maktab uchun ajratilgan 8ta xona va yana qo‘shimcha uchta xona ta'lim jarayonini 2ta smenada olib borish imkoniyatini beradi. Biz buni hisoblab ko‘rganmiz. Bunda o‘quvchilar uchun hech qanday noqulaylik vujudga kelmaydi. Ayni paytda maktabning ko‘chirilishidan norozi bo‘lganlar kamchilikni tashkil qiladi. Ota-onalarning aksariyati esa bu tashabbusdan quvonmoqda. Farzandlarining yangi, zamonaviy binoda ta'lim olishidan xursand bo‘lmoqda».
Tarozi pallasi qaysi tomonga og‘adi?
4-son maktab o‘quvchilarining ota-onalari bilan mahalliy hokimiyat o‘rtasidagi mojaroning qisqacha bayoni mana shunday. Ayni paytda, kelishmovchilik jiddiy qarama-qarshilikka aylangan.
Aslida ota-onalar maktabning nafaqat ko‘chirilishidan, balki umuman tugatib yuborilishidan ham xavotirga tushmoqda. Bunga ular murojaat qilgan tashkilotlardan kelayotgan xatlarning mazmuni sabab bo‘lyapti. Ularning aksariyatida «maktab hech qayerga ko‘chirilmaydi» degan javob bor (Ellikqal'a tumani prokuraturasi xati bunga misol). Tuman hokimiyati esa 1 avgustgacha maktab binosini bo‘shatib qo‘yishni talab qilmoqda. Mana shu mavhumlik ko‘plab mish-mishlarning tarqalishiga, odamlarning xavotirlariga sabab bo‘lyapti.
Ellikqal'a tumani hokimiyati shu paytgacha o‘quvchilarning ota-onalari bilan til topisha olmaganini, ularning fikrini yaxshilab o‘rganmaganini guvohi bo‘ldik. Mulozimlarning fikriga ko‘ra, hokimiyat qaroriga «shu maktabga uyi yaqin bo‘lgan bir-ikki xodim va ota-ona qarshi xolos». Biz bilan bo‘lgan yig‘ilishda 30ga yaqin o‘quvchining ota-onasi ishtirok etgani esa ularni hayron qoldirdi.
Ayni paytda 16-maktab binosida sinf xonalari zamonaviy ko‘rinish olishi uchun ta'mirlash ishlari boshlab yuborilgan. Bu borada xavotirga soladigan yagona narsa - 8ta sinf xonasida 4-maktab ta'lim jarayonining tashkil qilinishidir (qo‘shimcha ravishda ajratilgan 3ta xona kichikroq va faqat kabinet sifatida ishlatilishi mumkin). Bunday sharoitda, ta'lim jarayoni hatto 2 smenada tashkil qilinsa ham, sinf xonalari yetmay qolishi turgan gap. Bu maktab o‘zbek tiliga ixtisoslashtirilgan ekanini inobatga oladigan bo‘lsak, ba'zi maxsus darslar sinflarni ikkiga bo‘lgan holda, 15 o‘quvchidan o‘tkazilishi shart. Bundan tashqari, chet tili, texnologiya kabi fanlarda ham talab shunday. 16-maktabdan esa qo‘shimcha xonalarni olishning iloji yo‘q, uning o‘zi ham qo‘shimcha sinf xonalariga muhtoj.
Umid qilamizki, mutasaddi tashkilotlar muammoni o‘rganib chiqib, qirqqizobodlik ota-onalar va hokimiyat vakillarini murosaga keltirib, barcha uchun ma'qul bo‘lgan yechimni topishga ko‘maklashishadi.
Nurmuhammad Said
Mavzuga oid
12:43 / 19.11.2024
DXX: Ellikqal’a va G‘ijduvonda hokim yordamchilariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
07:22 / 12.09.2022
IIBB 142-maktabda o‘quvchilar tekshirilgani bo‘yicha izoh berdi
16:39 / 08.09.2022
Navoiyda ehtiyojmandlarga ajratilgan yordam pullari “tuya” qilinyapti
18:48 / 15.10.2021