Jahon | 18:49 / 26.07.2018
4978
2 daqiqa o‘qiladi

Pompeo: Shimoliy Koreya yadroviy yonilg‘i miqdorini oshirmoqda

Foto: Reuters/Jonathan Ernst

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeoning ma'lum qilishicha, KXDR yadro quroli uchun yonilg‘ini oshirmoqda. Bu Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In AQSh prezidenti Donald Tramp bilan Singapurda bo‘lib o‘tgan sammit vaqtida Koreya yarim orolining yadrosizlanishi bo‘yicha jarayonni qo‘llab-quvvatlaganiga qaramay, yuz beryapti. Bu haqda Pompeo AQSh senatining tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi oldida chiqish qilib, aytib o‘tdi, deb xabar beradi Reuters.

AQSh davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, Pxenyan yadro quroli uchun tarkibiy qismlarga ajraluvchi materiallarni ishlab chiqarishda davom etmoqda.

Pompeo senator-demokrat Ed Markning Shimoliy Koreya atom bombasini yaratishda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan yonilg‘ini ishlab chiqaryaptimi, degan savoliga: «Ha, bu to‘g‘ri... Ha, ular tarkibiy qismlarga ajraluvchi materialni ishlab chiqarishda davom etmoqda», deb javob qaytardi.

Ta'kidlanishicha, Pompeo batafsil ma'lumotlarni keltirmadi va Shimoliy Koreya yadro dasturi bo‘yicha keyingi savollarga javob qaytarishdan bosh tortdi. Uning aytishicha, bunday savollarga, agar lozim bo‘lsa, yopiq jarayonda javob qaytarishi mumkin, sababi bu masala bo‘yicha ochiq bayonotlar «murakkab raqib bilan og‘ir muzokaralarga» yordam bermaydi.

AQSh davlat kotibining qo‘shimcha qilishicha, Qo‘shma Shtatlar Shimoliy Koreya o‘z yadro qurolidan voz kechishi uchun «sabrli diplomatiya» bilan shug‘ullanmoqda, biroq jarayon «butunlay cho‘zilib ketishiga» yo‘l qo‘ymaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid