Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Veterinariya dori vositalarini ishlab chiqaruvchilar binolarni nol xarid qiymati bo‘yicha oladilar
Vazirlar Mahkamasining 23.07.2018 yildagi «Veterinariya dori vositalari ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 564-son qarori e'lon qilindi.
Qaror bilan 2018–2023 yillarda veterinariya dori vositalari ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlangan, deb yozmoqda Norma.
Dasturni amalga oshirish doirasida quyidagilar vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning asosiy vazifalari etib belgilandi:
• veterinariya tadbirlarini rivojlantirish va ularning samaradorligini oshirishning dolzarb muammolari bo‘yicha kompleks ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-sinov ishlarini amalga oshirish, ularning natijalarini ishlab chiqarish jarayonlariga izchil joriy etish;
• mamlakatimizda veterinariya dori vositalari ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va jadal rivojlantirish jarayonlarini faollashtirish, importni izchil kamaytirish maqsadida bozorda barqaror talabga ega bo‘lgan raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmlarini, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish asosida ko‘paytirish va ularning turlarini kengaytirish;
• talab yuqori bo‘lgan turdagi veterinariya dori vositalarini ishlab chiqarishning ilg‘or texnologiyalarini o‘zlashtirgan holda, sifat menejmentining zamonaviy uslublarini keng joriy etish, ishlab chiqariladigan mahsulotlarni xalqaro talablarga muvofiq sertifikatlashtirish va standartlashtirishni ta'minlash;
• veterinariya dori vositalarini ishlab chiqaruvchilar ilmiy-texnik xodimlarining professional bilim darajasini, xususan, yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish orqali takomillashtirish, shuningdek, yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari va tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish.
Shuningdek 2021–2023 yillarda barcha turdagi hayvonlarning yuqumli kasalliklariga qarshi har xil veterinariya dori vositalarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga:
• veterinariya dori vositalarini ishlab chiqaruvchilarga erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari hududlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va keyinchalik tovarlarni ichki hamda tashqi bozorlarga chiqarishga har tomonlama ko‘maklashish;
• veterinariya dori vositalarini ishlab chiqaruvchilarga beriladigan imtiyozlar va preferensiyalar to‘g‘risida axborot hamda tushuntirish ishlarini tashkil etish;
• ishlab chiqaruvchilar tomonidan faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalarni va davlat mulki bo‘lgan mol-mulkni investitsiya majburiyatlarini qabul qilgan holda nol xarid qiymati bo‘yicha olishida ko‘maklashish vazifasi topshirildi.
Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi 2019 yildan boshlab veterinariya dori vositalarini ishlab chiqaruvchilar obektlarini qurish va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash uchun mablag‘lar ajratadi.
Hujjat 24.07.2018 yildan kuchga kirdi.
Mavzuga oid
21:55 / 26.04.2026
Hayvonlar kasalliklari bo‘yicha karantin qoidalari tasdiqlandi
07:17 / 25.03.2026
Qozog‘istonda ilmiy-fantastik uslubdagi osmono‘par bino qurilishi boshlandi
08:32 / 17.03.2026
Yirik va megaloyihalar uchun parallel ekspertiza amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi
15:31 / 14.03.2026