Yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berishning huquqiy asoslari qanday?
Mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligi va aholining munosib hayot kechirishini ta'minlashda, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda yer maydonlarini doimiy foydalanishga berish, yer maydonlaridan samarali foydalanish asosida ishbilarmonlik muhitini yaratish masalasi alohida o‘rin tutadi. Davlat rahbarining joriy yil 20 aprelda qabul qilingan “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur sohadagi islohotlarning izchil davomi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Endilikda mamlakatimizda tadbirkorlik hamda shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish tartibi tubdan takomillashtirilgani va uning huquqiy asoslari yaratilganini alohida ta'kidlash lozim.
Qarorga muvofiq, 2018 yilning 1 iyulidan boshlab yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida elektron auksion orqali amalga oshirilmoqda.
Yer uchastkalarini berish bo‘yicha materiallarni yig‘ish, ko‘rib chiqish va vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan kelishish faqat zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda elektron shaklda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi.
Auktsion o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarnoma operator veb-portalida u o‘tkazilishidan kamida 30 kalendar kun avval joylashtirilishi kerak.
Auktsion 2 shaklda o‘tkazilishi mumkin:
yopiq auksion — bu aktsionda faqat yer uchastkasi joylashgan tuman yoki shaharda ro‘yxatga olingan yuridik va doimiy yashovchi jismoniy shaxslar ishtirok etishlari mumkin;
ochiq auksion — unda barcha yuridik va jismoniy shaxslar ishtirok etadi.
Elektron auksionda ishtirok etishga buyurtmanomalar xabarnoma joylashtirilgan kundan boshlab avtomatik tarzda qabul qilinadi.
Buyurtmanomalarni qabul qilish auksion o‘tkazish kunidan 2 ish kuni oldin, soat 13:00 da yakunlanadi.
Buyurtmanoma saytda to‘ldiriladi va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi. Bunda maxsus elektron raqamli imzo auksion operatori — Majburiy ijro byurosi qoshidagi “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan beriladi.
Shuningdek, uchastka boshlang‘ich qiymatining 20 foizi miqdorida zakalat kiritish va buyurtmanomada to‘lov hujjati rekvizitlarini ko‘rsatish talab etiladi. To‘lov hujjatining to‘lov maqsadida lot raqami ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. Shu bilan birga, har bir obekt bo‘yicha alohida to‘lov hujjati talab etiladi.
Yer uchastkasining boshlang‘ich narxi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
bir yillik yer solig‘i stavkasi miqdori;
yer uchastkasini tanlash materiallarini tayyorlash ishlarining qiymati: maydoni 0,01 gektardan 0,05 gektargacha bo‘lganda — 2 EKIH;
0,05 gektardan 0,1 gektargacha bo‘lganda — 3 EKIH;
0,1 va undan ko‘p gektar bo‘lganda — 5 EKIH miqdorida.
Auktsion ish kuni mobaynida, ya'ni soat 9:00 dan 18:00 gacha — u yakunlangunga qadar ishtirokchilar shaxsini oshkor qilmasdan o‘tkaziladi. Biroq bu ishtirokchilar kun davomida o‘zlari uchun qulay paytda takliflarini bildirishga haqli ekanini anglatmaydi.
Auktsion yakunlangach, uning natijalari portalda e'lon qilinadi, shuningdek, auksion tashkilotchisi uning bayonnomasini tegishli hokimlikka yuboradi. Hokimlik 3 kun davomida yer uchastkasini ajratish to‘g‘risida qaror chiqaradi hamda uni yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining tuman yo shahar filialiga yuboradi. U yerda uchastkaning kadastr hujjatlari belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
Bundan tashqari, Prezident qarori ijrosi doirasida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 iyundagi “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Hukumat qaroriga asosan quyidagilar belgilandi:
Birinchidan, bo‘sh yer uchastkalarining ro‘yxati keyinchalik ularni tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida doimiy foydalanishga berish uchun yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonalarining tuman yoki shahar filiallari tomonidan tuziladi.
Ikkinchidan, yer uchastkalarini berish bo‘yicha materiallarni to‘plash, ko‘rib chiqish va vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan kelishish “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.
Uchinchidan, “YERELEKTRON” AATni yaratish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
To‘rtinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi “YERELEKTRON” AAT operatori hisoblanadi.
Beshinchidan, “E-IJRO AUKSION”ning yagona elektron savdo maydonchasida o‘tkaziladigan elektron auksionlarda yer uchastkalaridan doimiy foydalanish huquqi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi qoshidagi “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.
Oltinchidan, elektron auksionga qo‘yiladigan bo‘sh yer uchastkalarining ro‘yxati tuman yoki shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi.
Yettinchidan, yer uchastkalari ro‘yxatlarini o‘z vaqtida shakllantirish va tasdiqlash hamda ularni elektron auksionga qo‘yishni muvofiqlashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ta'minlanadi.
Sakkizinchidan, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga ajratish to‘g‘risida elektron auksion natijalari asosida qabul qilingan qarorlarning bekor qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Elektron auksion g‘oliblari tomonidan qabul qilingan majburiyatlarga rioya etmaslik va yer uchastkalarining davlat hamda jamoat ehtiyojlari uchun belgilangan tartibda olib qo‘yilishi bundan mustasno.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan:
avvalo, hisob-kitob (smeta) qiymati ikki milliard so‘m va undan yuqori bo‘lgan obektlarni qurish va rekonstruksiya qilishning manzilli ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Hukumati darajasida tasdiqlash;
shuningdek, qurilish (rekonstruksiya, kapital ta'mirlash) qiymati oldin e'lon qilingan qiymatidan oshgan ijtimoiy va fuqarolik ahamiyatga ega obektlar bo‘yicha xulosalar berish bekor qilindi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning, xususan, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning asl maqsadi — iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sishni ta'minlash va shu asosda aholi turmush farovonligini muttasil oshirib borishga erishishdan iborat. Ushbu maqsadga erishishda tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma'lumot uchun:
"YERELEKTRON" avtomatlashtirilgan axborot tizimi — yer uchastkalari berish bo‘yicha materiallarni to‘plash, ko‘rib chiqish va vakolatli organlar va tashkilotlar bilan kelishish tartibotlarini amalga oshirish uchun avtomatlashtirilgan axborot tizimi.
"E-IJRO AUKSION" yagona elektron savdo maydonchasi — auksionlarni tashkil etish va o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan axborotni kiritish, saqlash va qayta ishlash, shuningdek, manfaatdor shaxs¬larning elektron auksionlar jarayonlaridan operator veb-portali orqali bevosita foydalanish imkoniyatini ta'minlaydigan axborot tizimi.
Mavzuga oid
18:32 / 04.11.2024
Tadbirkorlik faoliyatini ro‘yxatdan o‘tmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinadi
11:00 / 30.10.2024
O‘rta tadbirkorlik sub’yektlari 9 oyda qancha soliq to‘lagani aytildi
16:27 / 29.10.2024
Yer atmosferasining ifloslanishi rekord darajaga yetdi
20:45 / 09.10.2024