O‘zbekiston | 15:19 / 30.07.2018
10984
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi kompaniyalar ishlashga xalaqit berayotgan muammolarni ma'lum qildi

Foto: Dreamstime

Markaziy bank 2018 yil II choragi yakuni bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda jami 437 ta korxona va tashkilotlar ishtirok etdi. So‘rovnomani o‘tkazish jarayonida respublika iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan “O‘zbekneftegaz” AJ, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘zqurilishmateriallari” AJ, “O‘zkimyosanoat” AJ, “O‘zsharobsanoat” AJ, “O‘zdonmahsulot” AJ, “O‘zavtosanoat” AJ va “O‘zeltexsanoat” AJ tarkibiga kiruvchi korxonalar hamda «Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinati» AJ, «Navoiy tog‘-kon metallurgiya kombinati» AJ, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ va «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK kabi yirik korxona va tashkilotlar qamrab olingan. 

Joriy yilning II choragi yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari umuman olganda mazkur chorak mobaynida respublika iqtisodiyotidagi holatning I chorakka nisbatan yaxshilanganligini ko‘rsatmoqda.

Xususan, so‘rovnomada qatnashgan korxona va tashkilotlarning 82 foizi so‘nggi chorakda iqtisodiyotdagi holatning nisbatan yaxshilanganligini, shu jumladan 56 foiz respondentlar mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish hajmlarining real hisobda oshganligini, eksportyor korxona va tashkilotlarning 43 foizi esa eksport hajmining oshganligini ma'lum qilgan. Shuningdek, iqtisodiy holatning yaxshilanishi va ishlab chiqarish hajmlarining oshishiga mos ravishda, respondent korxona va tashkilotlarning 46 foizida joriy yilning II choragi davomida ish o‘rinlari soni ko‘paygan.

«Yuqoridagi ijobiy o‘zgarishlar mamlakat iqtisodiyotida so‘nggi davrlarda amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar, xususan valyuta bozori faoliyatining erkinlashtirilishi, tashqi savdo shart-sharoitlarining yaxshilanishi, biznes va investitsion muhitni yaxshilash bo‘yicha ishlarning kuchaytirilishi bilan izohlanishi mumkin», - deyiladi xabarda.

O‘z navbatida, so‘rovnoma natijalari iqtisodiyotning real sektorida ishlab chiqarish hajmlarini yanada oshirish imkoniyatlari mavjudligini hamda respublikamiz iqtisodiyotining mavjud salohiyatidan samarali foydalanilishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarning saqlanib qolayotganligini ko‘rsatmoqda. 

Xususan, so‘rovnomada qatnashgan korxona va tashkilotlarning qariyb 40 foizi so‘nggi chorakda ishlab chiqarish va tadbirkorlik faoliyatini yuritish bilan bog‘liq xatarlarning (qiyinchiliklar, to‘siqlar, muammolarning) saqlanib qolayotganini ma'lum qilgan. Respondent korxona va tashkilotlarning 60 foizida ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi 80 foizdan, qariyb 20 foizida esa 50 foizdan past bo‘lib, bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining amaldagi hajmining uning potensial hajmidan past ekanligi anglatadi. 

Shu bilan birga, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan yetarli darajada foydalanmaslik masalasi ayrim tarmoqlarda ayniqsa dolzarb hisoblanadi.

So‘rovda qatnashgan kimyo sanoati korxonalarining 83 foizida, avtomobil sanoati korxonalarining 80 foizida, yengil sanoat korxonalarining 74 foizida, oziq-ovqat sanoati korxonalarining 73 foizida ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi 80 foizdan past darajada shakllangan. 

Ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanmayotgan korxona va tashkilotlar bunday holatning asosiy sabablari sifatida xom-ashyo ta'minoti bilan bog‘liq muammolarni, elektr energiyasi va tabiiy gaz ta'minotidagi muammolarni, ishlab chiqarilayotgan mahsulotga (ishlar, xizmatlarga) talabning pastligini hamda aylanma mablag‘lar tanqisligini ko‘rsatgan.

Respondent korxona va tashkilotlarning 32 foizi tabiiy gaz ta'minotida, 39 foizi elektr energiyasi ta'minotida hamda 45 foizi infratuzilma obektlaridan (avtomobil va temir yo‘llar, suv va kanalizatsiya tarmoqlari va boshqalardan) foydalanish borasida muammolarning mavjudligini ma'lum qilgan. 

«Ushbu holat iqtisodiyotda ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq va samarali foydalanilishiga hamda ishlab chiqarishning yanada kengaytirilishiga to‘sqinlik qilayotgan xatarlardan deb baholash mumkin», - deyiladi xabarda.

Tarmoqlar kesimida qurilish materiallari sanoatida korxona va tashkilotlarning 44 foizi tabiiy gaz ta'minotida va 47 foizi elektr energiyasi ta'minotida, yengil sanoat korxonalarining 35 foizi tabiiy gaz ta'minotida va 31 foizi elektr energiyasi ta'minotida hamda oziq-ovqat sanoati korxonalarining 33 foizi elektr energiyasi ta'minotida muammolarga duch kelmoqda.

«Bu esa elektr energiyasi va tabiiy gaz ta'minotidagi muammolarni ijobiy hal qilish hisobiga yetarli darajadagi mahalliy xom-ashyo bazasiga ega bo‘lgan mazkur tarmoqlarda mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish hajmlarini sezilarli darajada oshirish hamda ichki bozordagi narxlar darajasini pasaytirish imkoniyatlari mavjudligini bildiradi», - deyiladi so‘rovda.

Shuningdek, korxona va tashkilotlarning kelgusida ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va investitsion faoliyatini rivojlantirishga to‘sqinlik qiluvchi omillar o‘rganilganda, respondentlarning: 

18 foizi soliq yukining yuqoriligi va soliq ma'muriyatchiligining murakkabligini; 
11 foizi moliyaviy mablag‘larning yetarli emasligini; 
13 foizi bozordagi nosog‘lom raqobat muhiti va sharoitlarni; 
hamda 9 foizi ichki bozorda korxona mahsulotlari o‘rnini bosuvchi import tovarlarining ko‘pligini asosiy omillar sifatida ko‘rsatib o‘tgan.

Mavzuga oid