Jamiyat | 21:10 / 31.07.2018
15375
4 daqiqa o‘qiladi

O‘ksik qalblar faryodi

Mehribonlik uyi deganda mehrga zor, qalbi o‘ksik, lekin bardoshi tog‘ misoli, ko‘zlari mungli, biroq yuzlarida tabassum balqib turgan bolalar ko‘z o‘ngingizga keladi. Har bir yetim bola ko‘ngli limmo-lim orzularga boy. Bunday bolalar hayotda ko‘ngli yarim bo‘lib ulg‘ayishadi, ular uchun qilingan yaxshilik, ozgina e'tibor ularning qalbiga nur va cheksiz quvonch olib kiradi.

O‘zbekistonda bunday yetim bolalarga g‘amxo‘rlik qilish, mehr berish va shu barobarida birovdan kam emasligini ko‘rsatish uchun davlat tomonidan hamma shart-sharoitlar yaratib berilgan. Mehribonlik uylarida tarbiyachilar ko‘ngli yarim bolalarga tayanch va suyanch bo‘lishmoqda. Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaydi deganlaridek shu murg‘ak bolalardan ham tama qilib, ish ko‘ruvchi insonlar uchrab turibdi.

Shunday voqealardan biriga Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahridagi 1-Mehribonlik uyida sodir etilgan holatni misol keltirishimiz mumkin. Mazkur jinoyat ishida sudlanuvchilar voyaga yetmagan shaxsni tarbiya muassasasida jinoyatga jalb qilish, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish, voyaga yetmagan ojiz ahvoldagi shaxsni qiynash, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish, shuningdek, ayolni o‘z homilasini sun'iy ravishda tushirishga majburlash kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi ayni paytda Mehribonlik uyining sobiq direktori K.Yakubov, bosh hisobchi A.Muydinova va hisobchi A.Saidkamolova, direktor o‘rinbosari S.Usmonov, feldsher I.Yo‘ldashev, tarbiyachi X.Yakubova, R.Abdufattoyev va N.Soliyeva, enaga D.Djurabayeva va X.To‘rayevga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqmoqda

Bitta inson jinoyatini balki tushunish mumkin, lekin butun bir jamoa bo‘lib bolalarni tahqirlash aqlga sig‘maydigan masala. Hali voyaga yetmagan bolalardan o‘z manfaati yulida foydalangan bunday insonlarni kim deb atashimiz mumkin? Qilingan har bir ish jazosiz qolmasligi aniq. Ammo voyaga yetmagan bu murg‘ak qalblar hayoti qanday kechadi? O‘zi shundoq ham o‘ksik qalbi yanada chuqur jarohat olmaydi, deb kim kafolat beradi. Bunday tuban ishlarni qilishga nima majbur qilgan bo‘lishi mumkin? Nafsmi?..

Bunday savollarning oxiri kurinmaydi. Inson yer yuzidagi eng oliy mavjudot hisoblanadi, qomusimizning markazida ham inson turadi, inson va uning manfaatlari uchun qonunlar xizmat qiladi. Inson umri yaxshilik va yomon amallar orqali o‘lchanadi, undan qoladigan yagona narsa ham yaxshilikdir. O‘z yurtini, undagi odamlarni yaxshi amallari bilan sevadigan insonlar ko‘paysa, bizning yurtimiz gullab-yashnaydi. Zero, prezidentimiz aytganidek, “Menga millatini sevadigan odam kerak”, millatini sevgan inson, o‘z xalqini, ularning kelajak avlodini xor qilmaydi.

Shahnoza Hasanova

Mavzuga oid