Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentdagi «Muhammad Ismoil» masjidi nega qarovsiz holda?
KUN.UZ tahririyatiga joylardan turli murojaatlar kelib tushmoqda. Ulardan biri diqqatimizni tortdi. Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, «Zafarobod» mahallasi, General Uzoqov ko‘chasi, 60-B uyda «Muhammad Ismoil» nomli masjid joylashgan. Yoshi ulug‘ murojaatchilar masjid ancha vaqtdan beri qarovsiz holda yotganligi, binosi esa sexga aylantirilganligini aytishdi.
Ijodiy guruhimiz bilan mazkur masjidni ko‘zdan kechirdik va nima uchun masjid ancha vaqtdan buyon qarovsiz yotganligini surishtirdik.
Masjidning ochilishiga bosh-qosh bo‘lib, hujjatlarini ko‘tarib yurgan otaxonning ta'kidlashicha, bir vaqtlar hukumat «Zafarobod» mahallasi hududida yashovchi otaxonlarning iltimos va istaklarini inobatga olgan va 6 sotix yer masjid uchun ajratilgan ekan. Ajratilgan yerda masjid qurilishi 1994 yildan boshlanib 2000 yil tugallangan. Masjid hashar yo‘li bilan barpo etilgan. 2006 yil ushbu masjid hujjatlari to‘liq bo‘lmaganligi sababli yopib qo‘yilgan. Shundan so‘ng, mahalla faollari, nomozxonlar shahar hokimiyatiga, tegishli tashkilotlarga murojaat qilgan. Lekin o‘sha vaqtda aniq javob ololmaganligini ta'kidlashdi.
Ko‘zdan kechirish jarayonida masjid ko‘chaga yaqin, harakatlanishga qulay joyda joylashganligining guvohi bo‘ldik. Masjidning ichiga kirganimizda ichki qismi ancha vaqtdan beri qarovsiz bo‘lganligi sababli betartib bo‘lib ketgan. Tahoratxonalari yaroqsiz holatga kelib qolgan ekan.
«Bizga masjid ertaroq ochilsa, bizku yoshroqmiz yoshi ulug‘ namozxonlarimiz uzoqqa borishga qiynalishmoqda. Masjid qayta ochiladi deyishgandi. Ochilishi cho‘zilib ketdi. Agar ruxsat berishsa, o‘zimiz ham hashar yo‘li bilan bo‘lsa-da ta'mirlardik.
Hozirda bu masjid shahar hokimining qarori bilan bir tadbirkorga berilibdi. Shu qaror bo‘yicha bizlar qidirib-qidirib, tadbirkorning o‘zini topdik. Nima harakat deb so‘raganimizda u kishi men bu yerda masjid quraman dedi. Bir, bir yarim oylarda ishni boshlayman dedi. Lekin mana to‘rt yarim oy bo‘ldi, haligacha boshlanmadi», - dedi murojaatchilar.
Biz musulmonlar idorasining masjidlar bo‘yicha shug‘ullanuvchi bo‘limi bilan bog‘landik.
«Biz bu masjidni ochilishi kerak bo‘lgan masjidlar ro‘yxatiga kiritib qo‘yganmiz, lekin hali musulmonlar idorasidan rasmiy ruxsat bo‘lmayapti,» - deb javob berishdi. Lekin masjid qachon ochilishi va foydalanishga qachon ruhsat berilishi haqida aniq ma'lumot berilmadi.
Barcha islohotlar inson farovonligi uchun, xalq roziligi barchasidan ustun turadi. Shu va shunga o‘xshash fikrlar ongimizni egalladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Endi amaliyotga o‘tish davri keldi. Fikrimizcha, uzoq yillar davomida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari cho‘zilib kelayotgan masjid ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak. U qayta ta'mirdan o‘tkazilib, talabgorlarga topshirilishi lozim. Ko‘p yillar davomida yo‘lovchi masjid yoki jome masjid sifatida xalqimizga, nuroniy otaxonlarimizga xizmat qilsa oqilona siyosatimiz bardavom bo‘lar edi.
Mavzuga oid
09:10
AES narxi ochiqlandi, yirik pudrat sxemasi fosh bo‘ldi - hafta dayjesti
21:03 / 06.06.2026
Toshkentda avtobus orqaga yurayotgan payti piyodani bosib ketdi
17:12 / 05.06.2026
“Toshkentni dunyodagi eng qulay shaharlardan biriga aylantiramiz” – hokim Shavkat Umrzoqov bilan suhbat
08:41 / 05.06.2026