O‘zbekiston | 19:48 / 03.08.2018
16064
5 daqiqa o‘qiladi

Maktabda ishlovchi pensionerlarga 100 foiz pensiya to‘lash rejalashtirilmoqda

Foto: UzA

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida prezidentning «Xalq ta'limi tizimini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni loyihasi muhokama qilinmoqda. Hujjatda yuqori toifali mutaxassislar uchun xalq ta'limi muassasalari jozibadorligini oshirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish nazarda tutilgan, deb yozadi Norma.
 
Ta'lim muassasalarining kuzatuv kengashlari tashkil etiladi

Vasiylik kengashlarini tugatish va yuridik shaxsni tashkil etmaydigan xalq ta'limi muassasalarining kuzatuv kengashlarini tashkil etish tashabbusi bilan chiqilgan. Yangi tuzilmalar ota-onalar qo‘mitalari vakillari, pedagog xodimlar, bitiruvchilar va homiylar, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan tashkil topadi. 

Quyidagilarni kuzatuv kengashlarining asosiy vazifalari etib belgilash taklif etilmoqda:

• ta'lim muassasalari direktorlarini Xalq ta'limi vazirligi tavsiya etgan nomzodlar orasidan tanlab olish, shuningdek ularni egallab turgan lavozimidan ozod qilish bo‘yicha takliflar kiritish;
• ta'lim muassasasini rivojlantirishga doir ustuvor yo‘nalishlarni belgilash bo‘yicha takliflar kiritish;
• ta'lim muassasasi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, uning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati, byudjyet, byudjyetdan tashqari, homiylik va boshqa mablag‘larni sarflashdan daromadlar va xarajatlar to‘g‘risida direktorlarning hisobotlarini vaqti-vaqti bilan eshitish;
• yillik moliyaviy rejalar va xarajatlar smetalarini kelishish;
• ta'lim muassasasi direktorining taqdimnomasiga asosan ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar tariflari, ta'lim muassasasi xonalari va boshqa mol-mulkining ijara haqi miqdorlarini tasdiqlash;
• ta'lim sifati, o‘qituvchilarning bilimi va pedagoglik mahorati, o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ustidan tizimli monitoring o‘rnatish;
• o‘quvchilar va ularning ota-onalarining murojaatlarini ko‘rib chiqish, ularning pedagog va rahbar kadrlar haqidagi fikrlarini sinchiklab o‘rganish maqsadida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish.
 
Xalq ta'limi muassasalari faqat XTVga bo‘ysunadi
 
Xalq ta'limi muassasalarining barchasi faqat Xalq ta'limi vazirligiga bo‘ysunishini belgilaydigan tartibni joriy etish taklif etilmoqda. Xalq ta'limi vaziriga mahalliy ijroiya hokimiyati organlari bilan kelishuvsiz Qoraqalpog‘iston Respublikasi XTV, viloyat xalq ta'limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasi rahbarlarini, tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limlari boshliqlarini, shuningdek Vazirlikka bo‘ysunadigan boshqa tashkilotlar va muassasalar rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish huquqini berish rejalashtirilmoqda.  

Xalq ta'limi tizimi muassasalarida tekshiruvlar o‘tkazish reglamenti va jadvallarini ishlab chiqish ko‘zlangan. Barcha tekshiruv organlari tegishli hududlardagi xalq ta'limi muassasalari, shuningdek ularning xodimlari va pedagoglar faoliyati ruxsatsiz tekshirilishini tashkil etganligi uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa nazorat organlari rahbarlari shaxsan javobgar bo‘ladilar.

Ta'lim muassasalari rahbarlari va o‘qituvchilarga nisbatan ilk bor sodir etgan qonunbuzarliklari uchun moliyaviy jarimalar qo‘llashga uch yillik taqiqni joriy etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibini qayta ko‘rib chiqish tashabbusi bilan chiqildi. O‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalari darajasini ularning malakasini belgilovchi asosiy mezon etib belgilash taklif etilmoqda.
 
«Zamonaviy maktab» loyihasi amalga oshiriladi
 
2019 yil 1 yanvargacha kompyuterlashtirilgan va texnologik sinflar, laboratoriyalar, barcha sanitariya talablariga javob beradigan oshxonalar, sport-sog‘lomlashtirish kompleksi, videokuzatuv tizimi va o‘quvchilarning individual ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish uchun boshqa shart-sharoitlarni nazarda tutuvchi «Zamonaviy maktab» loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. U xorijiy ekspertlar va loyiha tashkilotlari ishtirokida amalga oshiriladi. 2019-2020 yillarda loyiha doirasida kamida bitta maktab qurish rejalashtirilmoqda.
 
Maktablar yuqori toifali mutaxassislar uchun yanada jozibali bo‘ladi
 
Xalq ta'limi vazirligi huzurida Xalq ta'limidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi tashkil etiladi. 2018 yilda xalq ta'limi tizimini isloh qilishga doir ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun unga 100 mlrd so‘m miqdorida byudjyet mablag‘larini ajratish rejalashtirilmoqda. Bundan buyon jamg‘arma mablag‘lari jadvalda ko‘rsatilgan tarzda shakllantirilishi va sarflanishini belgilovchi tartibni joriy etish taklif qilinmoqda:

2019 yil 1 yanvardan pensionerlar – xalq ta'limi muassasalari xodimlariga to‘liq miqdorda pensiya to‘lash taklif etilmoqda.
 
Shu paytdan e'tiboran umumta'lim muassasalari rahbarlarini pullik xizmatlar ko‘rsatishdan kelib tushadigan qo‘shimcha daromadlarning 10%igacha miqdorida moddiy rag‘batlantirish tartibini joriy etish rejalashtirilmoqda. 
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Mavzuga oid