Jamiyat | 19:33 / 04.08.2018
21852
4 daqiqa o‘qiladi

2010 yilda buzilishi kerak bo‘lgan uylar nega o‘z holiga tashlab qo‘yildi?

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, shuningdek, “Obod mahalla” dasturi doirasida qilingan ishlar tahsinga loyiq. Poytaxt qiyofasi kundan kunga o‘zgarmoqda. Lekin hali qilinadigan ishlar ko‘p. KUN.UZ tahririyatiga Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi Qizil tut va Kozimxoji ko‘chalarida joylashgan xonadonlardan murojaat kelib tushdi. Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida ushbu ko‘chadagi xonadonlarga tashrif buyurdik.

Ko‘chalar asfalt qilingan, yangi yoritish chiroqlari o‘rnatilgan. Aholi nimadan norozi, hayron bo‘ldik. Shu ko‘chada yashaydigan otaxon bizga “bu ko‘cha yaqinda prezidentimiz kelishi munosabati bilan tezlikda qurildi, ko‘chalarga chiroq o‘rnatilib, eski tomlarning ko‘chaga qaragan qismi almashtirildi, lekin prezidentimiz kelmadilar”, dedi. Keyin bizni o‘zi yashab turgan uyga taklif qildi.

Tor yo‘lakdan uyga kirdik. Uylar eskirgan, devorlari ko‘chgan 2 sotix yerda 3 ta oila yashab kelmoqda. Ko‘cha bo‘ylab joylashgan bunday ahvoldagi xonadonlar anchagina ekan. Bir uy buzilib, uy egasi ko‘chib ketgan. Lekin buzilgan uyning joyi xashak bosib, ilon va chayonlar makoniga aylangan. Shu joyning yonida yashovchi ayol “har doim qo‘rqib yashaymiz, bolalarimizni biron hasharot chaqib olmasin, devorlar qulab ketmasin deb doim xavotirdamiz”, deya kuyinib gapirdi.

Toshkent shahar hokimining 2010 yil 22 apreldagi 223-sonli qaroriga asosan Qizil tut va Kozimxoji ko‘chalarida joylashgan ayrim uy-joylar buzilishga tushgan bo‘lib, ushbu qaror ijrosini ta'minlash maqsadida 2010 yil 26 aprel kuni Olmazor tuman hokimining 22-F sonli farmoyishi qabul qilingan. Ushbu qaror va farmoyish ijrosi yuzasidan buzilish hududida 42 ta uy-joy joylashganligi va bu uylarda jami 157 ta oila ro‘yxatda turishi aniqlangan. Lekin nimagadir Toshkent shahar hokimining topshirig‘iga asosan buzilish ishlari vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lib, buzilish to‘g‘risidagi qaror bekor bo‘lmagan.

Toshkent shahar hokimining 2015 yil 3 sentabrdagi 791-sonli qarorining 2-bandida tuman hokimligi huzurida tashkil etilgan komissiya zimmasiga tumanning “Eski shahar” hududidagi uylar buzilishga tushgan va mazkur uylarda doimiy ro‘yxatda bo‘lib yashayotgan fuqarolarning arizalariga asosan, ularga Nurafshon ko‘chasidagi uylardan ipoteka krediti asosida, me'yorlarda o‘rnatilgan tartibda uy-joy ajratilishi ma'lum qilingan. Aholi arosatda qolgan. Na uyini buzishga, na ta'mirlashga hayron. 2010 yildan buyon bir buziladi, bir buzilmaydi degan vahima. Hech kim aniq javob bermaydi.

Murojaatimizning maqsadi ham shu mavhumlikka aniqlik kiritish, deydi xonadon egalari. Shundan so‘ng biz Olmazor tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari bilan bog‘landik, gaplashdik. Hokim o‘rinbosari ham vaziyatga oydinlik kiritmadi. “Biz ham aniq ma'lumotga ega emasmiz, hali yuqoridan hech qanday buyruq berilmadi. Balki ertaga, balki 10 yildan keyin buzilar, bizga ham hozircha qorong‘i”, deb javob berdi.

Xo‘sh, arosatda yashayotgan Qizil tut va Kozimxoji ko‘chalaridagi fuqarolarga kim aniq javob beradi? Uylar buziladimi yoki yo‘q? O‘ylaymizki, tez orada bu mavhumlikka aniqlik kiritiladi.

Mavzuga oid