Iqtisodiyot | 17:25 / 06.08.2018
19917
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Rossiyaning G‘arbga qarshi oziq-ovqat embargosidan yutdimi?

Foto: RIA Novosti

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari Rossiya tomonidan G‘arbga qarshi kiritilgan oziq-ovqat embargosidan faqat foyda ko‘rdilar, deb yozmoqda RIA Novosti.

Ukraina va Qrim bilan bog‘liq vaziyat tufayli Rossiya hamda G‘arb mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashdi. G‘arb Rossiyani aralashuvda ayblab, unga qarshi sanksiyalar kiritdi.

Moskva 2014 yil 6 avgustda javob choralari ko‘rdi, import o‘rnini bosish siyosatini olib bora boshladi va bir necha bor sanksiyalar tilida u bilan gaplashish samarasiz bo‘lishini bildirdi. Rossiyaga yetkazib berish taqiqlangan tovarlar ro‘yxatida go‘sht va sut mahsulotlari, baliq, sabzavotlar, mevalar va yong‘oqlar bor.

Rossiya tomonidan joriy etilgan oziq-ovqat embargosidan g‘arb davlatlarining yo‘qotishlari yiliga taxminan 8,3 milliard dollarga baholanmoqda. AQSh, Yevropa ittifoqi, Kanada, Avstraliya va Norvegiyadan oziq-ovqat mahsulotlari taqiqqa tushdi.

O‘zbekiston mahsulotlarining ustunligi

Xususan, Rossiyaning oziq-ovqat embargosi O‘zbekistonga rossiyalik iste'molchilarga mahsulot eksporti hajmini oshirishga yordam berdi. Shu bilan birga, ta'kidlanishicha, raqobat hali ham yuqori darajada saqlanib turibdi.

«Oziq-ovqat embargosi, albatta, O‘zbekiston mahsulotlarining Rossiyaga eksporti oshishiga turtki berdi», - deya xabar qildi Central Asia Investments tahlilchisi Ilxat Tushev RIA Novosti’ga. 

Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish uchun 2017 yilda yaratilgan «yashil yo‘lak» eksportni oshirishda muhim rol o‘ynadi.

O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligining Mahsulotlar eksportiga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Po‘lat Asrayevning fikricha, o‘zbek meva va sabzavotlari Rossiya bozorida «erta mahsulot uchun yuqori narx» ustunligiga ega - boshqa davlatlarga qaraganda ertaroq yetilish tufayli.

«O‘zagroeksport» kompaniyasining ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondan Rossiyaga meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish hajmi 2017 yilda 30 foizga oshdi - 111 million dollargacha, jismoniy ta'minot hajmi esa - 162 ming tonnaga (+32 foiz).

Kompaniya Rossiyaning 16ta mintaqasida o‘z vakolatxonalarini ochdi, shuningdek, qator yirik reteylerlar - X5, «Magnit», «Meridian», «Xolidey», «Mariya-ra» bilan shartnomalar va bitimlar tuzildi.

Shu bilan birga, ekspertlarning fikricha, ambargoga qaramasdan, Rossiyaning meva-sabzavot bozorida raqobat hamon yuqori darajada bo‘lib turibdi.

«Turkiyadan yetkazib berishga bo‘lgan cheklov bekor qilindi, xitoylik yetkazib beruvchilar Rossiyaning Sibir mintaqasi kabi muhim bozorda raqobatchilarimiz bo‘lib qolmoqda», - deya ta'kidlab o‘tdi «O‘zagroeksport» xodimi.

Kompaniyadan hisoblashlaricha, O‘zbekiston logistika nuqtai nazaridan juda qulay joylashgan, Sankt-Peterburg va Irkutskka yetkazib berish xarajatlari o‘xshashdir va bundan foydalanish lozim - logistikani yo‘lga qo‘yish hamda qadoqlash, sertifikatlash va o‘z brendlarini ilgari surish bo‘yicha masalalar ustida ishlash kerak.

«Bugungi kunda biz YeI va Turkiyadan bo‘lgan raqobatchilarimiz qamrab olmagan mintaqalarga mahsulot yetkazib bera olamiz. Birinchi navbatda, bu Sibir mintaqasi», - deya aniqlik kiritgan agentlik suhbatdoshi.

Davlat statistika qo‘mitasining ma'lumotlariga ko‘ra, respublikadan yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari eksport hajmi 2017 yil yakunlari bo‘yicha 15,6 foizga oshdi - 708,8 million dollargacha. Shu bilan birga, Rossiya jami mahsulotlarning 18 foizlik ulushiga ega.

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida eksport hajmi 1,73 barobarga o‘sdi - 463,2 mln dollargacha, yoki 590,6 ming tonnagacha (+1,75 marta). Shu bilan birga, Rossiyaga yetkazib berishning ulushi 15,2%ni tashkil etdi.

Ekspertlarning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston meva va sabzavotlarining katta qismi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi imtiyozlardan foydalanayotgan Qozog‘iston hamda Qirg‘izistondagi vositachilar orqali Rossiyaga yetkazib berilyapti.

Mavzuga oid