23:26 / 08.08.2018
6904

Saakashvili 2008 yilda Rossiya bilan urushning oldini olishga uringani haqida aytdi

Foto: Kacper Pempel / Reuters

Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili 2008 yilda Rossiya bilan urushning oldini olishga uringan. U bu haqda «Exo Moskvi» radiosiga bergan intervyusida aytdi.

«Biz ularni urushmaslikka ko‘ndirish uchun barcha narsani qildik. 2008 yil fevralida Vladimir Putin bilan uchrashganimda u shunday dedi: "Xo‘sh, yigitlar, biz Kosovoda qatnashyapmiz. Bu yerda sizlarning aybingiz yo‘q, ammo biz javob choralarini qabul qilishimiz shart. Sizlarga ozgina og‘riqli bo‘ladi. Ammo o‘ldiradigan emas. Bu sizlarga emas, sizlarning do‘stlaringizga qarshidir".

Unga "Nega doim bizning oramizga o‘z odamlaringizni kiritasiz? Biz NATOdan voz kechishimiz, har qanday xorijiy bazalardan voz kechishimiz to‘g‘risidagi istalgan memorandumni imzolashga tayyormiz, ammo evaziga tabiiyki, sizning yordamingiz — Rossiya va Gruziya o‘rtasida abadiy tinchlik kerak. Gruziya sizlarga hech qachon muammo tug‘dirmaydi", deb aytdim», — dedi Saakashvili.
Putin unga go‘yoki «biz sizlarning hududlaringizni geosiyosiy yo‘nalishingizga alishtirmaymiz» degan.

«Men unga Janubiy Osetiyada hech narsa kerak emas deb o‘ylagandim. Ammo Abxaziya rossiyaliklarni judayam qiziqtirishini bilaman. Unga aytdim: "Mana Abxaziya. Sizlarda Sochi Olimpiadasi bo‘ladi. Sizlarga Suxumi aeroporti kerak. Sizlarga portlar, sanatoriylar kerak. Sizlarga temiryo‘l kerak. Keling, bunday qilamiz. Sizlarning Suxumi va uning shimolidagi barcha manfaatlaringizni qonuniylashtiramiz "», — dedi Gruziyaning sobiq prezidenti. Buning evaziga u Rossiyadan 1992-1993 yillarda harbiy nizolar vaqtida bu hududlarni tark etgan qochoqlarga Abxaziyaga qaytish imkoniyatini berishini so‘ragan.

Gruziyaning sobiq rahbari mamlakatlar o‘rtasidagi qurolli nizoning oldini olish uchun qilgan barcha harakatlari samarasiz yakunlanganini bildirdi.

Mixail Saakashvili 2004 yildan 2013 yilgacha Gruziya prezidenti bo‘lgan. 2008 yilda Gruziya o‘zini mustaqil deb e'lon qilgan Janubiy Osetiyaga qo‘shin kiritgan. Rossiyaning aralashuvidan so‘ng gruziyalik harbiylar nizo hududidan chiqarilgan. Keyinroq Moskva Janubiy Osetiya hamda Abxaziyaning mustaqilligini rasman tan olgan.

Top