Jamiyat | 12:50 / 10.08.2018
16108
6 daqiqa o‘qiladi

Andijondagi bozor muammolari tan olindi. Mutasaddilar endi qanday ishlarni amalga oshiradi?

Foto: Kun.uz

6 avgust kuni «KUN.UZ» saytida – «Andijon «Jahon bozori»ga «SES» borib turarmikan?..» sarlavhali maqola berilgan edi. Unda «Andijon Jahon savdo kompleksi» AJ hududida sanitariya holati juda yomon ahvolda ekani, bu salbiy holat aholining e'tirozlariga sabab bo‘layotgani haqida yozilib, bozordagi kamchiliklar fotolavhalar orqali ko‘rsatilgandi.

Mazkur maqolaga Respublika Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi o‘z munosabatini bildirib ma'lumotnoma yuborgan.

«Respublika DSENM 6 avgust kuni «KUN.UZ» saytida e'lon qilingan «Andijon «Jahon bozori»ga «SES» borib turarmikan?..» sarlavhali maqolasida ko‘tarilgan masalaning mazmun-mohiyatini o‘rganib chiqib quyidagilarni ma'lum qiladi. 

«Andijon Jahon buyum bozori» AJ hududida 1509ta savdo nuqtasi, 15ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi, 7ta hojatxona va bozor ma'muriyati binosi joylashgan.

Maqoladagi fotolavhalarda ko‘rsatilganidek, bozor ma'muriyati tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan amaldagi sanitariya qoida va me'yorlariga javob bermaydigan faoliyat yuritish, umumiy ovqatlanish obektlaridagi salbiy holatlar, noqonuniy savdo do‘konlari va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini tashkil etilishiga yo‘l qo‘yilgan. Bu esa aholining e'tiroziga sabab bo‘lgan.

Masalaning ikkinchi tomoni shundaki, DSENM mutaxassislari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari e'tiboriga amaldagi qoida va me'yorlar yetkazilishiga qaramasdan, bozor va uning hududidagi ular tomonidan savdo madaniyati va qoidalari, tozalik va orastalik bilan bog‘liq talab va tavsiyalarga amal qilmaslik oqibatida dilni xira qiladigan manzaralar vujudga kelgan.

Mazkur maqolada bozor, savdo va aholiga maishiy xizmat masalasi bilan bog‘liq dolzarb muammolar ko‘tarilgan. Ammo materialda mazkur masalaga bevosita ma'sullar e'tibordan chetda qolib ketgan». 

Respublika DSENM tomonidan berilgan ma'lumotda bugungi kunda tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, mavjud kamchiliklar kelib chiqishiga e'tibor qaratmagani uchun sub'yekt rahbarlari va mutasaddilar javobgar ekani bildirilgan.  

Ma'lumotnomada bozor hududida joylashgan obektlar amaldagi sanitariya qoida va me'yorlari talabi darajasida emasligi to‘g‘risida Andijon shahar Davlat sanitariya va epidemiologiya markazi tomonidan «Andijon Jahon buyum bozor» AJ ma'muriyatiga joriy yilda rasmiy ravishda 2 marta, har bir tadbirkorlik sub'yektiga 3 martadan mavjud kamchiliklarni barataraf etish, amaldagi talablarga rioya qilinishi yuzasidan tavsiya xatlari kiritilgani ko‘rsatib o‘tilgan.

Unda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari va qonunosti hujjatlarida obektlarning sanitariya holatlari bo‘yicha javobgarlik shu obektning rahbariga yuklatilganiga e'tibor qaratilishiga urg‘u beriladi.

«Bugungi kunda Andijon shahar Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati tomonidan tadbirkorlik sohasiga keng imkoniyatlar yaratish, ularning faoliyatiga aralashmagan holda soha yo‘nalishlari bo‘yicha doimiy tushuntirish ishlari olib borish tizimli yo‘lga qo‘yilgan, muntazam targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib borilmoqda. Biroq belgilangan tavsiya va qoidalarni bajarish va ularga amal qilishda yuzakiliklarga yo‘l qo‘yilganini kuzatish mumkin. Soha egalari hukumatimiz tomonidan bugungi kunda tadbirkorlik faoliyatini yuksaltirish borasida yaratilayotgan keng imkoniyatlar va shart-sharoitlardan to‘g‘ri va samarali foydalanilsa, shuningdek, aholiga xizmat ko‘rsatish sifati bo‘yicha tegishli qoidalarga amal qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi», deyiladi xatda.

Yuborilgan ma'lumotnomada Respublika DSENM sohaga doir muammolarni tegishli tartibda hal qilish, aholining tibbiy savodxonligi yuksaltirish masalalarida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikka tayyor ekanligini bildirgan.

«KUN.UZ» tahririyati mutasaddi tashkilot tomonidan aholi murojaati asosida tayyorlangan tahliliy materialga o‘z vaqtida javob yo‘llaganini e'tirof etadi.

Aholi vakillari tahririyatga yuborgan murojaatida «Andijon Jahon buyum bozori»dagi muammoli holatni bartaraf etishda DSENM vakillarining ishtirokini so‘rashgandi. Respublika DSENM tomonidan yuborilgan ma'lumotnomada qonun talablariga binoan soha xodimlari hozirda tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga asossiz aralashmasdan sanitariya me'yorlari va qoidalari yuzasidan tavsiya va takliflar berishlari mumkinligi aytilmoqda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Andijon shahar DSENMda 150 nafar xodim turli yo‘nalishlarda ish olib boradi. Muassasa tomonidan hududdagi mavjud bozorlar holatini o‘rganib borish uchun bir nafardan xodim ajratilgan. Aholi ko‘p to‘planadigan jamoat joylaridagi bugungi sanitariya holati, mazkur soha xodimlarining ta'sir doirasini kuchaytirish zaruriyat ekanligini ko‘rsatib turibdi.

Tahririyat o‘z o‘rnida Respublika DSENM va uning tizimidagi tashkilotlar bilan sohadagi muhim o‘zgarishlar, innovatsion loyihalarni amalga oshirish, aholi o‘rtasida tibbiy savodxonlikni oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yoritishda yaqindan hamkorlik qilishini bildiradi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid