O‘zbekiston | 10:47 / 10.08.2018
5598
3 daqiqa o‘qiladi

BMT O‘zbekiston Jinoyat-ijroiya Kodeksining tahlilini taqdim qildi

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

2018 yil 9 avgust kuni Bosh prokuraturada BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik boshqarmasi (BMT GJB) bilan hamkorlikda O‘zbekistonda jinoyat-ijroiya tizimini isloh qilish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida jinoyatchilik sohasidagi odil sudlov mutaxassislari, ekspert va xalqaro sheriklarni davra suhbati tashkil etildi.

Seminar davomida ta'kidlanganidek, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar Strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishlari jazolarni ijro etish tizimni gumanizatsiyalashni nazarda tutadi va strategiya doirasida jazoni ijro etish muassasalarida saqlash sharoitlarini yaxshilash, mahbuslarni tasniflash tizimini takomillashtirish hamda mahkumlarni qayta ijtimoiylashuviga imkon yaratish ko‘zlanmoqda.

Nelson Mandellaning Xalqaro kuniga (18 iyul 2018 y.) bag‘ishlangan mazkur tadbir davomida ishtirokchilar turmalarni saqlash standartlarini va turmalarni boshqarishning eng yaxshi amaliyotlari, mahkumlarning qayta ijtimoiylashuvi va ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘rniga qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan alternativ jazo choralarini muhokama qildilar.

Shuningdek, BMTning mahkumlar bilan munosabatda bo‘lishning Minimal standart qoidalari butun dunyoda tan olingan jazoni ijro etish muassasalarini boshqarish va mahbuslar bilan munosabatda bo‘lishning minimal standartlarini o‘zida aks ettiradi va ushbu standartlar Harakatlar Strategiyasi va uni mazkur yilda amalga oshirish rejasida nazarda tutilganidek jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasini ishlab chiqishda asos bo‘lib xizmat qilishi ta'kidlab o‘tildi.

Mazkur yo‘nalishda o‘zbek hukumatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida BMT GJB O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya Kodeksining tahlilini taqdim qildi. 

Shuningdek, davra suhbatida boshqa mamlakatlarda jazoni ijro etish muassasalari tizimini isloh qilish tajribasi ham taqdim etildi. 

Uchrashuv turli masalalarda, ya'ni bolalar va boshqa zaif toifadagi shaxslar bilan ishlash, giyohvandlik moddalarini iste'mol qilish bilan bog‘liq nuqsonlari bor shaxslarni davolash, ekstremistik urushlar ishtirokchisi bo‘lgan mahbuslar bilan ishlash va jazoni ijro etish muassasalarida zo‘ravonlikni keltirib chiqaruvchi radikalizmni oldini olish masalalarida fikr almashish uchun platforma sifatida xizmat qildi.

Davra suhbati BMT GJBning O‘rta Osiyo mamlakatlari uchun mo‘ljallangan Dasturi va O‘zbekiston Respublikasi va BMT GJB o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar rejasi («Yo‘l xaritasi») doirasida o‘tkazildi. Mazkur Yo‘l xaritasi doirasida O‘zbekiston hukumati va BMT GJB mamlakatda jazoni ijro etish muassasalarini isloh qilish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Mavzuga oid