Jamiyat | 17:10 / 10.08.2018
31255
5 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shrabotda mol bozori uchun yer kammi? - bozorning devordarmiyon qo‘shnilari arz-dodi

Tahririyatimizga Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida istiqomat qiluvchi aholi vakillaridan murojaat kelib tushdi.

«Bizning Namuna mahallamiz tuman markazida joylashgan. Aholi yashash manzilgohining o‘rtasida joylashgan tuman mol bozori esa ko‘plab muammolarni keltirib chiqarmoqda. Chunonchi, tumanimiz hududida mol bozori uchun mavjud bo‘sh joylar ko‘pligiga qaramasdan, mutasaddi tashkilotlar mol bozorni ko‘chirishni xayollariga ham keltirishmayapti.

Mol bozoridan ko‘tarilgan chang va to‘zon tuman markaziga yoyiladi va har xil turdagi maishiy chiqindi va yuqumli kasalliklarga sabab bo‘luvchi iflosgarchiliklar yuzaga keladi. Mol bozorini to‘rt tomondan uylar o‘rab turadi. Mol bozori aholi yashash manzilgohidan qancha masofadagi uzoqlikda joylashgan bo‘lishi kerak o‘zi? Sizlardan butun mahallamiz amaliy yordam kutib qoladi», — deb yozilgan murojaatnomada.

Biz ushbu murojaatni joyiga borib o‘rgandik.

Kichikroq mol bozori biroz tepalikda joylashgan, haqiqatdan ham atrofida aholiga tegishli uy joylar joylashgan.

Bozor devorlari shu kunlari betondan yasalgan blok g‘ishtlari bilan qayta tiklangani ko‘rinib turibdi. Hududga shag‘al to‘shalgan.

Qo‘shrabot tumani tog‘li, adirli hudud. Chindan ham bozorni ushbu noqulay joydan katta yo‘l yoqasiga ko‘chirish uchun barcha sharoitlar bor.

Biz mazkur masala yuzasida tumandagi mutasaddilarning fikrlari bilan qiziqdik.

— Belgilangan me'yorlarga asosan mol bozori aholi yashash joyidan kamida 1 kilometr uzoqlikda joylashishi shart, — deydi Qo‘shrabot tuman davlat santariya epidemiologiya nazorat markazi bosh vrachi Anvar Dastamov. — Shu nuqtai nazardan bu yerda mol bozori bo‘lishi noto‘g‘ri. Aholining e'tirozi to‘g‘ri. Bu borada tegishli choralarni amalga oshiramiz.

Ushbu masalada Qo‘shrabot tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi boshlig‘i Salim Qo‘shboqovdan ham izoh so‘radik.

«Haqiqatdan ham aholi xonadonlari yaqinida mol bozori bo‘lishi mumkin emas», — deyishdan nariga o‘tmadi S.Qo‘shboqov. Ekologik nuqtai nazardan bu borada qaysi ma'yoriy hujjatlarda qanday belgilangan, degan savolimizga afsuski mutaxassis tayinli javob bera olmadi. Vaholanki, Qo‘shboqovning xonadoni ham mol bozorining yonginasida, ba'zi qismi qo‘shilib ketgan ekan. 

«Fuqaro sifatida bu borada e'tirozim yo‘q», — deydi Qo‘shboqov.

Ajab, mutasaddining mol bozori aholi turar joylari o‘rtasida bo‘lishiga fuqaro sifatida e'tirozi bo‘lmasa, mutaxassis sifatida bu masala yechimiga mas'ul emasmi?

— Bozordan aholi xonadonlariga chang-to‘zon yopirilmasligi uchun barcha choralarni ko‘ryapmiz, — deydi «Qo‘shrabot dehqon bozori» MChJ raisi Jahongir Sultonov. — Albatta, aholi e'tirozi to‘g‘ri. Ammo bu yerda mol bozori tashkil etilgan paytda aholi xonadonlari bo‘lmagan, keyinchalik qurilgan. Bu masala yuzasidan tuman hokimligiga taklif bilan chiqamiz va mol bozorini ko‘chirish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.

— Mol bozorini aholi xonadonlari yaqinidan ko‘chirish masalasini tuman hokimi va tegishli mas'ul tashkilotlar rahbarlari bilan muhokama qilamiz. Boshqa joydan molbozoriga yer ajratish masalasini ham ko‘rib chiqamiz. Bu masalalar hal bo‘lgandan so‘ng mol bozorini ko‘chiramiz, — deydi Qo‘shrabot tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Ibodullo Sayfiddinov.

Mutasaddilarning javoblari shunday. Lekin bu so‘zlar amalda o‘z isbotini topadimi? Buni vaqt ko‘rsatadi. «KUN.UZ» bu mavzuga yana qaytadi.

Shuhrat Shokirjonov, G‘olib Abdusalomov

KUN.UZ muxbirlari

Mavzuga oid