2018 yil 8 avgustda Yunusobod tumanidagi tungi klubda sodir etilgan qotillik tafsilotlari OAVda tarqaldi. Jamoatchilik voqeaga turli munosabat bildirdi: har kim voqea sabablarini o‘z fikridan kelib chiqqan holda tahlil qilib, kimdir tungi klublarni yopishni, yana kimdir sportchilarning ruhiy tarbiyasi bilan chuqurroq shug‘ullanishni taklif qildi.

Aslida bu kabi qotilliklar barcha mamlakatlarda ham sodir bo‘lib turadi, bir qarashda kishilarning o‘zaro janjallashuvi oqibatida sodir bo‘ladigan holatlar ajablanarli emas.

Lekin, ayni vaziyatda ushbu qotillikning oldini olish, sodir bo‘lmasligini ta'minlash mumkin edi. Yoki bu kabi hodisa tungi klub emas, boshqa umumiy ovqatlanish joyida ham sodir bo‘lishi mumkin. Xususiy qo‘riqlash faoliyatiga qo‘yilgan taqiqlarni qayta ko‘rib chiqish va tartibga solish orqali bu kabi voqealarning oldini olishga erishish mumkin.

Keling, sodir etilgan qotillik jarayonida qo‘riqchilarning malakasi va kasbiy mahorati, ruhiy tayyorgarligi va o‘zini tutishiga OAVda e'lon qilingan tafsilotlardan kelib chiqib to‘xtalib o‘taylik.

Sovuq qurol bilan ishlatilgan zo‘rlik, bir necha qo‘riqchilarning hujumga nomutanosib tarzda o‘tishi hamda zaruriy mudofaa chegarasidan chiqib (videoda marhumning xatti-harakatlaridan kelib chiqib taxmin qilindi) oshxona pichog‘i bilan jarohat yetkazishi oqibatida dastlabki xulosalarga ko‘ra, qasddan odam o‘ldirish, deya malakalanayotgan xavfli qilmish sodir etildi.

Albatta, tergov jarayoni va sudda ushbu holat har tomonlama o‘rganiladi va huquqiy baho beriladi. Bizning fikrimiz voqeaga huquqiy baho berish emas, sabablarini tahlil qilishdir.

Bu yerda qo‘riqchilarning xatti-harakatlari, aynan bunday qaltis vaziyatlarda o‘zini tuta olmay shafqatsizlarcha harakat qilishi (beysbol tayog‘i va pichoq bilan zarbalar berish, ojiz ahvolda yotgan shaxsni ayovsiz kaltaklash), hujum qilayotgan shaxsni zararsizlantirish va darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish choralarini ko‘rmaganliklari qo‘riqchilarning yetarli professional ta'lim olmaganliklari, tayyorgarlikdan o‘tmaganliklari va ular faoliyatining tizimli boshqaruvi yo‘qligini ko‘rsatadi.

Boshqacha bo‘lishini kutish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki, ko‘ngilochar maskanlarda xususiy qo‘riqchilar ushbu maskan boshlig‘i tomonidan o‘zaro kelishuv asosida yollanadi. Qo‘riqchi o‘sha maskanga tashrif buyuruvchilar va boshqa shaxslar hayoti, sog‘lig‘i, mol-mulki va boshqa obektlarni qo‘riqlash uchun mas'ul bo‘lgani holda bu bo‘yicha hech qanday yo‘riqnoma, tushuntirish olmaydi. Qo‘riqlash jarayonida vujudga keladigan holat bo‘yicha qanday harakat qilish kerakligi, huquq va majburiyatlari chegarasi, xavfni bartaraf etishning qonuniy va optimal xavfsiz yo‘llari bo‘yicha ularga talablar qo‘yilmagan.