Jahon | 19:59 / 15.08.2018
4966
2 daqiqa o‘qiladi

Qutqaruvchilar Genuyadagi ko‘prikning yana bir qismi qulab tushishi mumkinligidan ogohlantirishdi

Foto: Luca Zennaro / EPA / TASS

Genuyadagi tirgaksiz qolgan ko‘prikning qolgan qismi uylar ustiga qulashi mumkin. Bu haqda voqea joyida ishlayotgan shahar yong‘in xizmati vakili aytdi.

«Ko‘prikning qolgan qismi hech narsa bilan mahkamlanmagan va uylar ustida osilib turibdi. U yerdan barcha aholi evakuatsiya qilingan, ammo ko‘prik qulashi xavfi saqlanib turibdi», — dedi u.

RIA Novosti agentligining xabar berishicha, voqea joyiga yaqin hududdan 600dan ortiq kishi evakuatsiya qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 14 avgust kuni Genuyadagi ko‘prikning 200 metrga yaqin bo‘lgan qismi qulab tushdi. Natijada 30dan ortiq mashina ko‘prik bo‘laklari ostida qoldi. Ayni paytda 39 kishi halok bo‘lgani ma'lum bo‘lgan.  

Polchevera Viaduki nomi bilan tanilgan bu ko‘prik sanoat hududi, temiryo‘l va daryo ustidan o‘tgan. Uning umumiy uzunligi 1102 metrga teng. Ko‘prik 1960-yillarda qurilgan bo‘lib, 2016 yilda rekonstruksiya qilingan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid