Sport | 20:00 / 16.08.2018
7022
2 daqiqa o‘qiladi

Ravshan Haydarov: Bugungi natijadan havolanib ketmaslikka harakat qilamiz

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Osiyo o‘yinlari turnirida guruh bosqichining ikkinchi turida Qatar olimpiyachilarini 6:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Terma jamoa bosh murabbiyi Ravshan Haydarov va jamoa sardori Rustam Ashurmatov o‘yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etishdi.

«Bugun turnirdagi ilk strategik vazifani bajardik. Bu bilan barchani tabriklayman.

Futbolchilar o‘yin uchun tayinlangan rejalarni bajarishdi. Bir necha kundan buyon tahlillar asosida Qatarga qarshi o‘yinga qattiq tayyorgarlik ko‘rdik. Tanlangan tarkib ham ishonchni oqladi. Bu hisobda o‘z ifodasini topdi», deya murabbiyning so‘zlarini keltirmoqda «Kun.uz» muxbiri.

Shuningdek, murabbiy terma jamoa ketma-ket yirik g‘alabalardan keyin yuzaga keladigan bosimni qanday yengib o‘tmoqchi ekani haqidagi savolga ham javob berdi.

«Albatta, bugungi yirik g‘alabadan havolanib ketmaslikka harakat qilamiz. Bolalarni bunga tayyorlaymiz. Tailandga qarshi keyingi o‘yinni ham jiddiy qabul qilamiz. Har bir o‘yinga reja bo‘yicha tayyorlanamiz. Guruhdan chiqish vazifasini muddatidan ilgari bajargan bo‘lsakda, bo‘shashmasligimiz kerak. Futbolchilar bo‘shashiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak.

Hali pley-offda qaysi jamoa raqib bo‘lishini bilmaymiz. Shuning uchun, oldindagi o‘yinga ham jiddiy tayyorlanamiz», degan Ravshan Haydarov.

Ma'lumot uchun, Qatarga qarshi o‘yindagi g‘alaba Ravshan Haydarov shogirdlariga Osiyo o‘yinlarida birinchilardan bo‘lib muddatidan avval keyingi bosqich yo‘llanmasini taqdim qildi. Keyingi uchrashuvni O‘zbekiston vakillari 19 avgust kuni Tailand terma jamoasiga qarshi o‘tkazishadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid