Tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o‘tilishi fosh qilindi
Respublika bojxonachilari tomonidan tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o‘tilishiga doir navbatdagi bojxona qoidabuzarliklari fosh qilindi, deb xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.
Andijon viloyati bojxona boshqarmasi. “Do‘stlik” chegara bojxona posti hamda Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari respublikamizdan chiqib ketayotgan qo‘shni davlat fuqarosi H.Yo.ning noqonuniy xatti-harakatlariga chek qo‘yishdi.
Ushbu shaxs xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, ichki kiyimlari orasiga salkam 130 gr. og‘irlikdagi tilla taqinchoqlarni yashirgancha, olib chiqmoqchi bo‘lganligi ma'lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi qimmatbaho metallar agentligi Davlat asillik darajasini belgilash palatasining xulosasiga ko‘ra, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilinmagan mazkur taqinchoqlarning umumiy qiymati esa 25 mln. 854 ming so‘mni tashkil qildi.
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi. G‘ishtko‘prik chegara bojxona postida yurtimizga kirib kelgan respublikamiz fuqarolar Sh.N. va Sh.S.lar zargarlik buyumlarini olib kirishda jirkanch usuldan foydalanishdi. Ya'ni, bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilish maqsadida tilla taqinchoqlarni ichki kiyimlari va jinsiy a'zolariga bekitib, olib o‘tishga urinishdi.
Xususan, Sh.N.ga qiymati 14,5 mln. so‘mdan ortiq bo‘lgan jami 167 gr. og‘irlikdagi, Sh.S.ga esa 12, 4 mln. so‘mlik 149 gr. og‘irlikdagi zargarlik buyumlarini olib o‘tish “nasib” qilmadi.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi. Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida tilla va zargarlik buyumlarini xorijdan pochta jo‘natmalari orqali yuborilishiga doir bojxona qoidabuzarligini fosh qilishdi.
Rossiyadan Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro M.M. nomiga yuborilgan pochta jo‘natmasi belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, unda tegishli bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan salkam 120 gr. og‘irlikdagi 31 dona kumushdan ishlangan taqinchoqlar borligi aniqlandi.
Hozirda zargarlik buyumlari ushbu holatga aniqlik kiritilgunga qadar vaqtincha saqlovga olindi.
Mavzuga oid
19:30 / 31.01.2023
Imtiyoz, qulaylik va yo‘qolayotgan byurokratiya – bojxona tizimida nimalar o‘zgardi?
23:41 / 11.01.2023
Zargarlik buyumlarini O‘zbekistondan olib chiqish bo‘yicha yengillik berildi
07:32 / 07.01.2023
O‘zbekistonga olib kiriladigan tovarlar uchun bojxona to‘lovlarini aniqlash tartibi o‘zgaradi
08:28 / 28.12.2022