O‘zbekiston | 09:24 / 16.08.2018
13776
3 daqiqa o‘qiladi

Jismoniy tarbiya instituti qoshidagi markaz Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tasarrufiga berildi

Foto: uz-djti.uz

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzurida Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta'minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatda aytilishicha, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti qoshidagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta'minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tasarrufiga berilgan, Nukus, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida uning filiallari tashkil qilingan.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:

davlat maktabgacha ta'lim muassasalari jismoniy tarbiya instruktorlari, umumta'lim maktablari va akademik litseylarning jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari, kasb-hunar ta'limi va oliy ta'lim muassasalarining kafedra mudirlari hamda jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari, shuningdek, oliy ta'lim muassasalarining jismoniy tarbiya va jismoniy madaniyat, sport faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha rahbar va pedagog kadrlarni, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari, davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari, sport maktablarining rahbar kadrlarini, instruktor-metodistlari va trenerlarini hamda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni kasbiy, ma'naviy- axloqiy saviyasini oshirish, sport ta'lim tizimini ilmiy-metodik ta'minlash, ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy etish;

o‘quv-mashg‘ulot jarayoniga, xususan, sport ta'lim muassasalari amaliyotiga zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, o‘qitishning samarali shakllari va usullarini joriy etish;

sport ta'lim muassasalari faoliyatining samaradorligini oshirish, filiallar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ilmiy-metodik ishlarni tashkil etish;

xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, konferensiyalar, ko‘rgazmalar va boshqa tadbirlar o‘tkazish orqali jismoniy tarbiya va sport sohasida mamlakatimiz yutuqlarini xalqaro darajada keng yoritish, xorijiy sport ta'lim muassasalari bilan hamkorlik qilish.

Mavzuga oid