«Samarqanddagi «Tohiriy» nomi bilan atalgan korxonalar tarmog‘ini ko‘pchilik yaxshi biladi. O‘tgan asrning saksoninchi yillarida kishilarda tadbirkorlik-kooperativ harakati to‘g‘risida ilk tushunchalar paydo bo‘layotganda akam Tohir Ismatullayev Samarqand tumanida «Lesnik» kooperativ korxonasini tashkil etib, bu borada dastlabki qadamlarni tashlagan edi», deb boshlaydi prokuratura organlaridagi nopok xodimlar tufayli jabr chekib, biznesidan ayrilgan tadbirkor Tolib Ismatullayev «Zarafshon» gazetasida e'lon qilingan maqolasida.

Savdo va ishlab chiqarish faoliyati bo‘yicha boshlangan harakatlar, afsuski, 1990 yil uning kutilmaganda vafot etishi tufayli bir muddat to‘xtab qoldi.

Bu paytda men 32 yoshimda Samarqand viloyat moddiy texnika ta'minoti bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari vazifasida ishlardim. Obro‘-e'tiborim ham, mansabim ham ko‘pchilik uchun havas qilarli darajada edi. Lekin akamning xotirasi haqi, qolaversa, zamon shiddatini anglaganim uchun Tohir akam boshlagan ishlarni davom ettirishga ahd qilib, Samarqand tumanida birinchi bo‘lib xususiy mulk shaklida «Tohiriy» ishlab chiqarish savdo firmasini tashkil etdim.

Sobiq ittifoq parokanda bo‘lib, qo‘shni davlatlar bilan aloqalar izdan chiqqan, davlatning ham, aholining ham asosiy muammosi tinchlikni saqlash, birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligining oldini olishga qaratilgan bir paytda uzoq xorijiy davlatlardagi tadbirkorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yurtimizga sarmoya kiritishga harakat qildim.

«Tohiriy-Muliyon», «Tohiriy-Tur», «Jalilobod» mas'uliyati cheklangan jamiyatlarini tashkil etdik. Chet ellik hamkorlar bilan birga «Tohiriy-Frans LTD», «Piruz», «Tohiriy-Minareks» qo‘shma korxonalarini ochdik. Shu tarzda «Tohiriy va korxonalar» konserni yuzaga keldi.

2000-2008 yillarda ushbu konserndagi korxonalarda 400 nafardan ko‘proq kishi mehnat qilardi. Eng muhimi, o‘sha yillari bizga havas qilgan, ergashgan korxonalar paydo bo‘ldi, hamkorlikda ishlashni istaganlar ko‘paydi.

Vaziyat og‘ir edi, lekin davlat tomonidan berilgan imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanishga, tadbirkorlik faoliyatini barqaror yo‘lga qo‘yishga harakat qilganmiz. Yonimdagi do‘stlarim, yaqinlarim bilan birga oldimizga qo‘ygan yagona maqsad sari intildik. O‘zimizdan nimadir nom qoldirishga harakat qildik. Otamning «Inson hayotga keldimi, o‘zidan yaxshi nom qoldirishi kerak, hech bo‘lmaganda, bir binoga bitta g‘isht qo‘yib ketishi kerak», degan o‘gitlariga amal qildim.