Ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlarining asosiy vazifalari belgilandi
Vazirlar Mahkamasining “Ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari huzurida olimpiya zaxiralari markazlarini tashkil etish va ularda o‘quv-mashq jarayonini 2019/2020 o‘quv yilidan amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.
Ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlarining 2018/2019 o‘quv yili uchun o‘quvchilar soni 600 nafar, Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatining o‘quvchilar soni 750 nafar etib belgilandi.
Ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlarining 6-sinfga o‘qishga qabul qilish 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab tashkil etiladi.
Ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, maktab-internat ixtisoslashtirilgan umumta'lim davlat sport-ta'lim muassasasi hisoblanadi va uning faoliyati yuqori malakali mutaxassislar hamda sportning olimpiya va milliy turlari bo‘yicha terma jamoalarni shakllantirish uchun sport zaxirasini tayyorlashga yo‘naltiriladi.
Maktab-internatning o‘quvchilar soni 550 nafarni tashkil etib, ular 6-11-sinflarda o‘qitiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatining o‘quvchilar soni 700 nafarni tashkil etadi.
Quyidagilar maktab-internatning maqsadi hisoblanadi:
o‘quvchilarni chuqurlashtirilgan ixtisosli o‘qitish, har tomonlama kamol toptirish va ularning sport mutaxassisliklari va kasblarini egallashini ta'minlash;
yosh sportchilarni istiqlol g‘oyalariga sadoqat, vatanparvarlik va fidoyilik ruhida tayyorlash, ularda o‘z Vatani bilan faxrlanish va milliy madaniy-tarixiy an'analarni hurmat qilish tuyg‘usini shakllantirish.
Quyidagilar maktab-internatning asosiy vazifalari hisoblanadi:
bolalar-o‘smirlar sport maktablari va ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablarida, sport ta'lim muassasalari yoki sport klublaridan dastlabki tayyorgarlikdan o‘tgan hamda sport bilan shug‘ullanishga iqtidori bo‘lgan, maktab-internatda o‘qish istagini bildirgan o‘quvchilar o‘rtasida tanlov asosida maktab-internatda o‘qishni davom ettirish uchun tanlab olish;
respublika va xalqaro musobaqalarda qatnashish uchun sport zaxirasini terma jamoalar tarkibiga tayyorlash;
o‘quvchilarning respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi uchun zarur va yetarli bo‘lgan kasbiy moyilligini, mahorati va ko‘nikmalari chuqur rivojlantirilishini ta'minlash, sport tayyorgarligi ta'limining navbatdagi bosqichlarida o‘qishini, shuningdek egallangan mutaxassislik bo‘yicha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishni davom ettirish;
mutaxassislar va sport zaxirasini sifatli tayyorlash uchun zarur tashkiliy, o‘quv-metodik, moddiy-texnik va psixologik-pedagogik shart-sharoitlarni ta'minlash;
davlat ta'lim standarti doirasida umumta'lim o‘quv dasturlarini amalga oshirish;
o‘quv-tarbiya jarayonining sog‘lomlashtiruvchi yo‘nalishini amalga oshirish uchun shart-sharoitlarni ta'minlash, sog‘lom turmush tarzi normalarini joriy etish.
Maktab-internat quyidagi huquqlarga ega:
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda boshqa tashkilotlar orqali xalqaro musobaqalarda qatnashish, Jismoniy tarbiya va sport vazirligining Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari kalendar rejasiga muvofiq chet el mamlakatlarida o‘kuv-mashq yig‘inlarini o‘tkazish;
maktab-internatning trener-o‘qituvchilar tarkibi xodimlarini va sportchilarini almashish, qo‘shma sport tadbirlari, bayramlar, ko‘riklar, seminarlar va shu kabilarni o‘tkazish bo‘yicha xorijiy sport tashkilotlari bilan belgilangan tartibda bitimlar tuzish;
qonun hujjatlariga muvofiq ta'lim hamda jismoniy tarbiya va sport sohasida xalqaro faoliyatda ishtirok etish.
Maktab-internat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xorijiy mamlakatlar uchun mutaxassislar tayyorlashni amalga oshirishi mumkin.
O‘quv yili 2 sentabrda boshlanadi va o‘quv rejasiga muvofiq tugallanadi.
Maktab-internatda o‘qish kunduzgi shaklda amalga oshiriladi. O‘quv mashg‘ulotlarining qancha davom etishi, o‘quvchilarning o‘quv yuklamasi va o‘quv-tarbiya jarayonining boshqa masalalari davlat ta'lim standartlariga muvofiq belgilanadi.
Ta'lim sifati va sport tayyorgarlik darajasini nazorat qilish davlat ta'lim standarti talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Mavzuga oid
09:55 / 15.10.2024
Avtobus yo‘laklarida boshqa transportlarning harakatlanishi ustidan nazorat kuchaytirildi
07:16 / 20.08.2024
Sanoatni boshqarishning vertikal tizimi joriy etiladi
07:40 / 17.08.2024
Kriptologiya sohasida idoralararo ekspert guruhi tashkil etiladi
07:15 / 24.07.2024