O‘zbekiston | 20:39 / 17.08.2018
3390
3 daqiqa o‘qiladi

Mehmonxona sohasiga qo‘shimcha investitsiyalar jalb etiladi

Foto: Pinterest

Vazirlar Mahkamasining “Mehmonxona sohasiga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan qator mehmonxona komplekslaridagi davlat aktivlarini investorlar tomonidan ularni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish majburiyatini olgan holda ommaviy savdolarda sotish to‘g‘risida Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qashqadaryo viloyati va Toshkent shahar hokimliklarining taklifiga rozilik berildi.

Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi balansda turgan tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda, belgilangan tartibda, obektlarni baholash va ommaviy savdolarga qo‘yishni ta'minlaydi.

Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi:

potensial, shu jumladan, xorijiy investorlarni keng xabardor qilish va obektlarni sotib olishga jalb etish bo‘yicha zarur choralar ko‘radilar;

obektlarni sotish yakunlariga ko‘ra har bir obektni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” ishlab chiqishda ko‘maklashadilar.

Belgilab qo‘yilishicha:

obektlarni sotishda sotib olish to‘lovlarini to‘lashning maksimal muddati to‘lovlarni teng ulushlar bilan har chorakda to‘lagan holda 3 yilni tashkil qiladi;

«Shahrisabz yulduzi» mehmonxona majmuasini sotishdan tushadigan mablag‘lar imzolangan bitimga muvofiq, «Shahrisabz yulduzi» mehmonxona kompleksini qurish uchun Polsha hukumati tomonidan ajratilgan kreditni qoplashga Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan ilgari yo‘naltirilgan summalarni to‘lash uchun Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi byudjyetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga yo‘naltiriladi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tasarrufida qoldiriladigan mablag‘lar bundan mustasno.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid