«Samosud»lar masalasi. Shaxsni o‘zboshimchalik bilan jazolash mumkinmi?
Ijtimoiy tarmoqlarda huquqbuzarlik sodir etishda gumon qilinayotgan shaxsni o‘zboshimchalik bilan jazolash tasviri tushirilgan videolavhalar ko‘payib qoldi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Zafar Mustafoqulovning aytishicha, bunday harakatlarga hech kimning haqqi yo‘q.
«Konstitutsiyamizning 19-moddasiga muvofiq, fuqarolarning konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir. Shaxsni ushbu erkinliklardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas. Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda oshkora ko‘rib chiqilib, aybi aniqlanmaguncha, u aybdor hisoblanmaydi», deydi u.
Zafar Mustafoqulovning fikricha, ushlash boshqa, ayblash boshqa. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 39-moddasida ta'kidlanganidek, maxsus vakolatli shaxslar bilan bir qatorda jabrlanuvchi va boshqa fuqarolar ham xavfli qilmishni sodir etgan shaxsni ushlash huquqiga ega.
«Biroq, ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan hokimiyat organlariga topshirish maqsadida emas, o‘zboshimchalik bilan jazolash uchun ushlash - shaxsga qasddan zarar yetkazish - qonunga xilof harakat hisoblanadi», deydi Adliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i.
Ma'lumot uchun, o‘zboshimchalik bilan shaxsni jazolamoqchi bo‘lgan kishiga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi va Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda nazarda tutilgan jazolar tayinlanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijondagi bozorda olomon tomonidan «samosud» qilinayotgan ayol o‘zini soyga tashlagandi.
Mavzuga oid
15:27 / 10.07.2024
Samarqandda bog‘dan olma o‘g‘irlagan bolalarni jazolagan erkakning o‘zi ham “samosud” qilindi
07:29 / 09.07.2024
Toshkentda bir yigitni «samosud» qilib, mashinada olib ketganlar ushlandi
12:12 / 20.05.2024
Samarqandda o‘quvchi sevgi izhor qilgani sabab “samosud” qilindi
11:46 / 10.05.2023