Jahon | 11:16 / 22.08.2018
4258
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Suriya bo‘yicha “maxfiy ko‘rsatmasi” yo‘qligini ma'lum qildi 

Foto: Aleksandr SHCHerbak/TASS

BMT kotibiyati xalqaro tashkilot tuzilmalariga Suriyani tiklashda ishtirok etishni taqiqlovchi maxfiy ko‘rsatma chop etmagan. Bu haqda BMT bosh kotibining rasmiy vakili Stefan Dyujarrik Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning bunday ko‘rsatma borligi haqidagi bayonotiga izoh berish iltimosiga javoban ma'lum qilgan.

“BMTning siyosiy departamenti yoki boshqa bo‘limi tomonidan chop etilgan hech qanday “maxfiy ko‘rsatma” bo‘lmagan”, deb aytgan Dyujarrik. U “BMTda Suriyada adolat va tahqirlamaslik tamoyillari hisobga olingan holda, tenghuquqlik va xolis yondashuv asosida yordamni ta'minlash bo‘yicha ichki siyosat va me'yorlar mavjud”ligini tasdiqlagan.  

Dyujarrikning tushuntirishicha, bu me'yorlar BMT Nizomi tamoyillari va BMT Xavfsizlik kengashining tegishli rezolyutsiyalariga asoslangan.

BMT vakili “Suriyadagi mojaroni uzoq muddatli va ishonchli hal qilish faqatgina siyosiy jarayon bilangina ta'minlanishi mumkinligi, shu sababli BMT bu yo‘nalishdagi sa'y-harakatlarni davom ettirayotganini” ta'kidlab o‘tgan.

Avvalroq Sergey Lavrov BMT kotibiyati maxfiy ko‘rsatma bilan tashkilot tuzilmalariga Suriyada siyosiy o‘tish amalga oshirilmaguncha bu mamlakat iqtisodiyotini tiklashga qaratilgan har qanday loyihalarda ishtirok etishni taqiqlaganini ma'lum qilgan. Lavrov, shuningdek, bu masalani BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan muhokama qilgani va bosh kotib bu vaziyatni taftish qilishiga umid qilishini aytgan.

Mavzuga oid