Jamiyat | 22:23 / 23.08.2018
60401
7 daqiqa o‘qiladi

«Andijon qishloqlarida qachon tong otadi?» Viloyatda yozda ham elektr qahatchiligi..

Bundan bir oy oldin, iyulning o‘rtasida Andijonning chekka qishlog‘idan tadbirkor yigit qo‘ng‘iroq qilib, «Muxbir aka.. Chekka qishloqda tadbirkorlik qilishning eng azobli joyi elektrning tinmay o‘chishi. Yordam bering!» deya murojaat qilgandi.

Andijondagi yana bir tumanining chekkaroq qishlog‘ida yashovchi yaqinim ham shu masaladan shikoyat qilgandi. «Aka, avgust oyining falon kuni to‘y qilyapmiz. Muxbirsiz, gapingizni olishar? O‘sha kuni tokni o‘chmaydigan qilishga yordam bering».

Tuman elektr tarmoqlari boshlig‘iga aloqaga chiqdik. O‘chirmasligini aytishdi. Biz soddalar «elektrchilar va'da»siga ishonibmiz.

To‘ydan bir kun avval olib kelingan oziq-ovqatlar muzlatgichga solingani befoyda bo‘lib, baribir elektr uch soat o‘chdi. Ertasiga esa, rosa mehmonlar kelgan vaqtda tok yo‘q edi. Ma'raka, to‘y-tomoshalar o‘z yo‘liga. Kundalik turmushda foydalanish uchun yoz oylarida elektr kerak-ku, axir? 

Hammaga ayon, elektr tarmoqlari bunday paytda telefonini ko‘tarmaydi. Ko‘tarsa ham javobi aniq: «Yuqoridan, viloyatdan o‘chirishdi!» deb qutuladilar.

Bizga yuborilgan murojaatlar bilan tanishing:

«Asaka tuman, «Amir Temur» MFYda 19 avgust, soat 19:40da elektrni o‘chirishdi. Har kuni shu ahvol. Kunduz kuni ham o‘chirishyapti».

«Andijon tuman Yangiobod mahallasida sutkasiga bir soatdan to‘rt soatgacha o‘chyapti. Yoz, issiq... Ventilyatorlar ishlamaydi. Bolalar issiqda suvdan chiqmay o‘tirishibdi».

«Andijon shahar, Farobiy ko‘chasida kuniga ikki-uch soatdan elektr yo‘q. Hududimiz Oltinko‘l tuman elektr tarmoqlariga qaraydi».

«Izboskan tuman, Do‘stlik MFYdanmiz. Har kuni ertalabdan tok o‘chadi».

«Oltinko‘l tuman, «Cho‘ntak» MFY, «Sohibkor» ko‘chasida har kuni elektr uch-to‘rt soat bo‘lmayapti».

«Andijon shahar, «Ozodlik» MFY, «Bahor» tor ko‘chasida yashaymiz. Ikki kunda bir 3-4 soatdan elektr bo‘lmayapti. Ayniqsa, jazirama issiqda uydagilarga qiyin bo‘ldi».

«Shahrixon tumani qishloqlarida kunduzi 2-3 soat, kechqurun 2 soat ayni ovqatlanish paytida elektrsiz o‘tiramiz».

Eng ko‘p arznoma Marhamat va Shahrixon tumanlaridan. Aholi vakillari Paxtaobod, Oltinko‘l va Andijon tumanlarida ham ahvol haminqadar ekanligini bildirishgan.

Qishda-ku tushunamiz. Yozda nega elektr yo‘q?

Elektr tarmoqlari mutasaddilarga yuzlansangiz, javob olish qiyin. Ularning bahonasi tayyor, «Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida falon kilometr havo liniyalari ta'mirlangani, sovuq kunlarga pistoncha transformator shay turgani» haqida axborot berishadi.

Yozda iste'mol pasayadi. Aholining «Nega jazirama kunlarda tok yo‘q?!» degan savoli juda o‘rinli.

«Endi yoz mavsumi haqida ham hujjat qabul qilish kerak chog‘i... Axir, jamiyat taraqqiyotida elektr energiyasining o‘rni juda katta. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan insonlarning deyarli barcha uskunalari elektr bilan ishlaydi. Qishda soha kishilari «Transformatorlar iste'mol ko‘pligi uchun qizib ketib, liniyalar bosimni ko‘tara olmay qolmoqda», desa tushunamiz.

Ertadan ta'lim muassasalarida o‘quv jarayoni boshlanadi. Bugungi ta'lim sifati ko‘ngildagidek olib borilishi uchun dars jarayonida texnik vositalardan bevosita foydalanish zarur. Qishloq joylardagi maktab o‘quvchilari kompyuter o‘rganishlari uchun elektr kerak.  

«Har bir oila - tadbirkor» loyihasining amalga oshirish uchun ham elektr energiyasining o‘rni beqiyos. Elektrsiz tadbirkorlik bo‘ladimi?

Mutasaddilarga yuzlandik..

Aholining haqli talablariga javob izlab «Andijon hududiy elektr tarmoqlari» AJ direktori Ahadjon Jo‘rayevga murojaat qildik. Mutasaddi elektr tarmoqlarida faqat ta'mirlash va rejalashtirilgan ishlarni amalga oshirish paytidagina uzilishlar bo‘layotganini aytdi. «Bizda qaysi liniya qaysi paytda qancha vaqtga o‘chirilayotgani haqida alohida dastur bor. Tekshirib ko‘rishingiz mumkin», deydi A. Jo‘rayev.

Mas'ul shaxsni o‘zimiz guvohi bo‘lgan va aholi tomonidan yuborilgan murojaatlarga ishontira olmadik.

Ayni paytda aholi tomonidan iste'mol qilingan elektr energiyasi uchun to‘lov MIB tashkiloti tomonidan olib borilyapti. To‘lov masalalari ancha o‘z iziga tushib qolgani aniq.

Tan olib aytish kerak, vodiy viloyatlarida o‘tgan qish mavsumida aholini elektr energiyasi bilan ta'minlash haqiqatda ijobiy tomonga o‘zgardi. Lekin, aholi vakillarini yoz mavsumida ham elektrdagi uzilishlar xavotirga solmoqda.

«Yetkazib beruvchi» va «Iste'molchi» o‘rtasidagi shartnoma bandlarini bajarish har ikki tomon uchun mas'uliyat yuklaydi. To‘g‘ri, viloyat va tuman markazlariga elektr yoz oylarida deyarli uzluksiz berilmoqda. Lekin, aholining katta qismi yashaydigan qishloqlarda ahvol yozda ham chatoq.

«Iste'molchi» pul to‘lashga majbur, lekin «yetkazib beruvchi»ning o‘z majburiyatlarini bajarishga imkoniyati yo‘q. Elektr tarmoqlari idorasiga telefon qilib tusha olmaysiz. «Eskicha ishlash, mijozning talabiga parvo qilmaslik qachongacha davom etadi?», degan savolga javob yo‘q.  

Bu turishda Andijon qishloqlarida qachon tong otadi? Qachon tadbirkorlik rivojlanadi? Qachon uylarga konditsioner qo‘yiladi? Qachongacha, go‘shtni muzlatgichga qo‘yish o‘rniga shisha bankaga solib, ariqdagi suvda saqlab, qadimiy usuldan foydalanamiz?  

Ishqilib, sohadagi o‘zgarishlar izchil va bardavom bo‘lsin!

Bu mavzuga yana qaytamiz.      

Elmurod Ermatov, Andijon
KUN.UZ muxbiri

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid