Sport | 08:58 / 23.08.2018
4243
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliya futbol federatsiyasining sobiq prezidenti FIFA ishi doirasida 4 yilga qamaldi

Foto: Don Emmert/AFP/Getty Images

Braziliya futbol federatsiyasining sobiq prezidenti Joze Mariya Marin FIFAdagi korrupsiyaga doir jinoiy ish doirasida AQSh sudi tomonidan 4 yilga qamoq jazosiga hukm etildi. Bu haqda AQSh Adliya vazirligi xabar bergan.

«Maringa nisbatan Bruklin federal sudi tomonidan to‘rt yil muddatga qamoq jazosi tayinlandi. U mablag‘larni talon-toroj qilish va moliyaviy firibgarlikda aybdor deb topildi. U turli musobaqalarning reklama va televizion huquqlarini million dollarlik pora evaziga sotish orqali bu jinoyatga sherik bo‘lgan», - deyiladi rasmiy xabarda.

Qamoq jazosidan tashqari, Marin 3,3 million dollar miqdorida yetkazilgan zararni qaytarishi va 1,2 million dollarlik jarima ham to‘lashi kerak. 86 yoshli siyosatdon 2012 yil mart oyidan 2015 yil apreliga qadar Braziliya futboli rahbari lavozimida ishlagan.

Ma'lumot o‘rnida aytish joiz, 2015 yili AQSh federal prokurorlari FIFAdagi korrupsiyaga doir jinoiy ish qo‘zg‘atgan, bu ish doirasida futbol olamidagi bir qator amaldorlar hibsga olinib, tashkilot prezidenti Zepp Blatter iste'fo bergandi.

AQSh Adliya vazirligining qo‘shimcha qilishicha, FIFA ishi bo‘yicha tergov davom etmoqda.

Mavzuga oid