Sport | 11:04 / 23.08.2018
16787
4 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston televideniyesi Osiyo o‘yinlarini namoyish qilmayotgani sababini tushuntirdi

Foto: Tengrinews

“RTRK Qazaqstan” AJ boshqaruv raisi Yerlan Karin Qozog‘iston telekanallari Indoneziyada shu kunlarda o‘tayotgan yozgi Osiyo o‘yinlarini namoyish qilmayotganining sababini tushuntirdi. Bu haqda Vesti.kz muxbiri xabar berdi. 

Avvalroq Qozog‘iston OAV vakillari qozog‘istonlik sportchilarning Osiyo o‘yinlaridagi ishtiroklarini birorta telekanal, jumladan yagona sport kanali Qazsport namoyish qilmayotganidan achchiq qilishgandi.

Shuningdek, ushbu holatni mamlakatda taniqli yakkakurash jangchisi Kuat “Nayman” Xamitov ham tanqid qilib, bu borada O‘zbekistondan o‘rnak olishni aytgandi

“Shu kunlarda Indoneziyada Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda, biz esa musobaqalarni bemalol tomosha qilib, yigitlarimiz uchun ishqibozlik qila olmayapmiz! Sportchilarimiz mamlakat sha'nini himoya qilish uchun jonlarini jabborga berishmoqda, davlatimizning esa buni jonli efirda ko‘rsatishga qurbi yetmaydi! Bizga KazSport va boshqa kanallarning nima keragi bor!? Agarda jahon miqyosidagi mana shunday musobaqalarni namoyish eta olmasangiz! Yo‘q, buning o‘rniga ular hech kim ko‘rmaydigan 45-yildagi futbolni ko‘rsatishlari kerak! O‘zbek birodarlarimizdan ibrat oling! Agarda bularning barchasini jonli efirda ko‘rsata olganimizda, qancha bolalarni sportga jalb qilishimiz mumkin edi, ayniqsa ularning bari hozir yozgi ta'tilda bo‘lsa! Bizda hamma narsa aksincha qilinadi! Qancha chidash mumkin!», deb yozgandi Xamitov o‘zining Instagram’dagi akkauntida.

Karin ushbu tanqidlarga javoban Qazsport telekanali Osiyo o‘yinlarini namoyish qilishni rejalashtirgani va translyatsiya huquqlarini sotib olish uchun pullar ajratilganini ma'lum qildi. Biroq Osiyo o‘yinlarini namoyish qilish huquqlarini sotuvchi xorijiy kompaniya narxni bir necha barobarga ko‘tarib yuborgani sababli telekanal translyatsiyadan voz kechishiga to‘g‘ri kelgan.

“Bu kompaniya tomonidan yozgi Olimpiada yoki futbol bo‘yicha jahon chempionati namoyishi kabi uchun belgilanadigan narxlar taqdim qilindi. Unda telekanalning deyarli butun byudjyeti 2 haftalik Osiyo o‘yinlarini ko‘rsatish uchun ketardi va qolgan muhim sport tadbirlarini (futbol, xokkey, boks va boshqalar) ko‘rsatishga mablag‘ qolmasdi. Bizdan tashqari, Osiyo o‘yinlarini ko‘rsatishdan ba'zi qo‘shni davlatlarning milliy telekanallari ham voz kechgan. Chunki namoyish huquqi narxi juda oshirib yuborilgandi. Biz ushbu holat yuzasidan Osiyo kengashiga murojaat qilgandik, biroq huquqlar xususiy reklama kompaniyasi tomonidan sotib olingani sababli bunga hech kim ta'sir qila olmaydi. Ammo shunga qaramay biz voqea joyiga musobaqalarni yoritish uchun suratga olish guruhimizni jo‘natdik. Biz ushbu holat yuzasidan qozog‘istonliklar va muxlislarimizdan uzr so‘raymiz”, deb aytgan Karin.

Osiyo o‘yinlari 2 sentabrga qadar davom etadi. 

Mavzuga oid