Jahon | 08:30 / 29.08.2018
8649
3 daqiqa o‘qiladi

Venesuela inqirozi. Braziliya, Kolumbiya va Peru aralashdi

Foto: AP Photo/Eraldo Peres

Braziliya prezidenti Mishel Temer Venesuela bilan chegarada joylashgan Rorayma shtatiga qo‘shin jo‘natmoqda, sababi Venesueladan migrantlar oqimi juda kattalashib ketdi. Davlat rahbari davlat televideniyesi tomonidan efirga uzatilgan videomurojaatda tegishli bayonot berdi.

«Bugun Braziliya fuqarolari va Venesuela migrantlarining xavfsizligini kafolatlash uchun Rorayma shtatida qonun va tartibni ta'minlash maqsadida qurolli kuchlardan foydalanish haqida buyruq berdim», - deya aytib o‘tdi Temer.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday qaror «Braziliya federal hukumati bir necha oy davomida amalga oshirayotgan insonparvarlik faoliyatiga qo‘shimcha bo‘lishga» qaratilgan. «Biz tibbiy yordam va vaqtinchalik boshpanalarga joylashtirish bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatmoqdamiz», - deya aniqlik kiritdi prezident. Shuningdek, Temerning ma'lum qilishicha, Roraymaga kelayotgan migrantlar oqimi «venesuelaliklar yashayotgan dahshatli sharoitlar»ning natijasidir. «Bu fojiali vaziyat deyarli butun Janubiy Amerikaga ta'sir ko‘rsatadi», - deya qo‘shimcha qildi u.

Kolumbiya va Peru migratsiya xizmatlari seshanba kuni Venesuela migratsiya inqirozi bilan kurashish uchun ushbu mamlakatlarga keladigan venesuelalik fuqarolarning umumiy ma'lumotlar bazasini yaratishga kelishib oldi. Kolumbiya migratsiya xizmati rahbari Kristian Kryuger perulik hamkasbi Eduardo Sevilya bilan uchrashuvdan so‘ng bu haqda ma'lum qildi.

«Biz ushbu migratsiya hodisasini mintaqaviy darajada muhokama qilish uchun asosiy tamoyillarni, asosiy g‘oyalarni ishlab chiqishni istaymiz. Asosiy jihatlardan biri shundaki, hukumat barcha shaxslar haqida ma'lumotga ega bo‘lishida, bu har kuni o‘sib borayotgan migratsiya jarayonini tartibga sola oladi» , - dedi Kryuger.

Kolumbiya migratsiya xizmati rahbarining qo‘shimcha qilishicha, Bogota va Lima bu borada mintaqadagi boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik qilishga tayyor. «G‘oya shundan iboratki, boshqa mamlakatlarni ham ushbu tashabbusga taklif qilish kerak», - deya qayd etib o‘tdi u.

Peru migratsiya xizmatining rahbari idoralar vakillari «ma'lumotlar bazasini yaratish uchun allaqachon aloqa qilishni boshlaganini» ta'kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Venesuela bo‘yicha yangi qaror qabul qilmoqchi ekani xabar berilgandi.

Mavzuga oid