Sport | 14:08 / 30.08.2018
14397
2 daqiqa o‘qiladi

Osiyo o‘yinlari. O‘zbekistonlik kurashchilar yarim finalda, yana 3 medal naqd

Indoneziyada Osiyo o‘yinlarining o‘zbeki milliy kurashi bo‘yicha oxirgi kun bahslari davom etmoqda.

Bugun O‘zbekiston kurash terma jamoasining yana 4 vakili o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazish uchun bahslarga kirishdi.

Dastlab, -78 kg vazn toifasida Dilroza Bozorova qozog‘istonlik Gulibonu Amanxonovaga qarshi gilamga chiqib, 0:10 hisobida yutqazib qo‘ydi.

O‘zbekistonning u vazn toifasidagi ikkinchi vakili Kumush Yo‘ldosheva esa birin-ketin raqiblarini mag‘lubiyatga uchratmoqda.

U nimchorak finalda indoneziyalik Maulida Szalsani, chorak finalda qozog‘istonlik Kaljan Tayjanovani yengdi va yarim finalga chiqdi.

Endi u yarim finalda Xitoy Taypey vakili Yang Xsiyentszuga qarshi gilamga chiqadi.

-90 kg vazn toifasida Indoneziyaga tashrif buyurgan Yahyo Imomov ishtirokini saralashdan boshladi. U dastlab eronlik Qosim Ahadivaranluni taslim etdi.

Nimchorak finalda hindistonlik Diveshni yenggan Imomov chorak finalda turkmanistonlik Guvanch Begaliyevdan ham ustun keldi va yarim final yo‘llanmasini hal qildi.

Uning final yo‘llanmasi uchun raqibi qozog‘istonlik Yersultan Muzapparov bo‘ladi.

Shu vazn toifasida Shermuhammad Jandriyev esa nimchorak finalda turkmanistonlik Sanjar Abdirahmonovga qarshi murakkab bahs o‘tkazib, yakunda g‘alabaga erishdi.

U keyingi raqibi, afg‘onistonlik Shirzad Aziziyni osonlik bilan yengib, yarim finalga chiqdi.  U endi finalga chiqish uchun iordaniyalik Misri Husayn bilan bellashadi.

Shu tariqa, o‘zbekistonlik kurashchilar Osiyo o‘yinlarida yana 3 medalni naqd qilishdi.

Mavzuga oid