Angliya premer-ligasida 4 tur o‘tib, nihoyat haqiqiy chempion jamoa tuzgan Yurgen Klopp yoki Angliyada ajoyib debyut qilgan Mauritsio Sarri emas, ko‘proq Xavi Grasiya muhokama qilinayotgani ham tasodif emas. Ushbu murabbiyning kamtargina «Uotford» jamoasi mavsumdagi besh rasmiy o‘yinning barchasida g‘alaba qozondi. Xuddi shu murabbiy yaqinda Rossiyaning «Rubin» klubida muvaffaqiyatsizlikka uchragan va iste'foga chiqarilgandi.

«Rubin» menejyerlari Xavi Grasiyaning APLdagi parvozini entikish bilan tomosha qilayotgan bo‘lishlari tabiiy. Hatto Rossiyada ham u to‘rt o‘yinda qatorasiga g‘alaba qozonmagandi, Angliyada esa, agar Liga kubogidagi g‘alabani ham qo‘shsak - 5ta bo‘ladi. «Uotford» o‘z tarixida hali biror marta mavsumni bu qadar kuchli boshlamagandi. Agar Grasiyaning fevralda Angliyaga kelganini e'tiborga olsak, shu davrda «Uotford» o‘z maydonida faqat «Liverpul»dan (22) kamroq ochko jamg‘ardi xolos - 20. Masalan, «Manchester Yunayted», «Arsenal» va «Tottenhem»da uy o‘yinlarida 18tadan ochko, «Manchester Siti»da 16 ochko bor.

Albatta, mavsum endi boshlandi, «Uotford»da top-raqiblardan faqat «Tottenhem» bor edi, lekin shuning o‘zi ham katta natija. Jamoa ham, murabbiy ham o‘yindan o‘yinga o‘ziga nisbatan ishonchni oshirib bormoqda.

«O‘ylaymanki, har kim yangi vazifalarga moslashishi kerak. Men o‘z faoliyatim davomida men doim moslashib borganman. Men Ispaniyada, Gretsiyada, Rossiyada va hozir Angliyada ishlamoqdaman. Kimki agar, hamma menga moslashishi kerak deb hisoblasa, adashayotgan bo‘ladi», - dedi Grasiya «Tottenhem»ga qarshi o‘yin oldidan Sky Sports nashriga intervyu berayotib.

Mavsum oldidan Xavi Grasiya bukmekerlar kotirovkasida ilk iste'foga chiqadigan murabbiylar ichida peshqadamlik qilayotgandi. «Uotford»ni boshqaradigan Potstso oilasi Angliyada eng ko‘p murabbiy almashtiradigan boshqaruvchilar hisoblanadi. So‘nggi o‘n yildagi «Uotford»ni boshqarayotgan 13-murabbiy bo‘lgan Grasiya ham «dor ustida yurayotgani» aniq edi.

Ammo barqarorlik «Uotford»ga yordam berdi. O‘tgan mavsum oxirida qatorasiga yetti o‘yinda g‘alaba nimaligini bilmagan murabbiyga mavsumni yakunlash va keyingi mavsumga tayyorgarlik ishlarini ishonib topshirishdi. Jamoa o‘zagini deyarli saqlab qolgan murabbiy avgustda hammani hayron qoldirdi va mana endi, Yurgen Klopp va Mauritsio Sarri bilan birgalikda oyning eng yaxshi murabbiyi bo‘lishga da'vogar bo‘lib turibdi. Aynan mana shu uch murabbiy dastlabki 4 turda yuz foizlik natija ko‘rsatib, turnir jadvalini boshqarib turishibdi.