Naqd xorijiy valyutalarning yashirincha olib chiqilishi fosh etildi
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Navoiy” chegara bojxona posti orqali respublikadan chiqib ketayotgan fuqaro Y.S.ning bezovtalanishi bojxonachilarda bejiz shubha uyg‘otmagan ekan. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Bojxona ko‘rigi davomida ushbu shaxs cho‘ntaklaridagi 12400 AQSh dollarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilmasdan turib, olib chiqmoqchi bo‘lganligi fosh qilindi.
Uning hamrohi E.M. ham tavakkalga qo‘l urib, 10 ming AQSh dollarini cho‘ntagi va sumkasiga joylagancha, bamaylixotir chiqib ketaman deb o‘ylagandi. Ammo, uning bu o‘ylari bojxona postida puchga chiqdi.
Xuddi shunday holat viloyatning “Oybek” chegara bojxona postida ham fosh etildi. Mazkur post orqali qo‘shni davlatga chiqib ketayotgan chet el fuqarosi L.M. yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilmasdan turib 140 ming Rossiya rublini olib chiqib ketayotgan paytda to‘xtatib qolindi.
“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan ham naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib chiqilishga doir bojxona qoidabuzarliklari fosh qilindi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida “Toshkent-Olmata” reysi bo‘yicha parvozga shaylangan qo‘shni davlat fuqarosi M.M.ga tegishli sumka belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, unda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilinmagan 4924 AQSh dollari yashirilganligi ma'lum bo‘ldi.
Ayni shu reysning yana bir yo‘lovchisi, qo‘shni davlat fuqarosi R.N. ham 5 ming AQSh dollarini sumkasiga yashirgancha, bojxona nazoratidan chetlab olib chiqishga uringan paytda to‘xtatib qolindi.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega bo‘lgan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga 5 000 AQSh dollariga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi naqd xorijiy valyutani yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatgan holda erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan yoki O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan naqd xorijiy valyutalarni olib chiqish ular tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga kirish chog‘ida to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida amalga oshiriladi.
Ya'ni, kirishda to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilgan naqd xorijiy valyuta summasidan ortiqcha bo‘lmagan miqdordagi naqd xorijiy valyutalarni olib chiqishga ruxsat etiladi.
Mavzuga oid
13:38 / 08.11.2024
Misr Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk sohasiga investitsiya kiritmoqchi
21:15 / 07.11.2024
Toshkent viloyatida isitish mavsumi 8 noyabrdan boshlanadi
11:53 / 06.11.2024
Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi
22:14 / 05.11.2024