O‘zbekiston | 01:28 / 10.09.2018
13292
3 daqiqa o‘qiladi

"MAQOM ART mehmonlari soni uch baravarga ko‘paydi" - Aziz Abduhakimov

Bugun Shahrisabz shahrining tarixiy qismidagi maydonga kechagi kunga nisbatan uch baravar ko‘p mehmon keldi. KUN.UZ muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov bergan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

"8 sentabr kuni 70 mingga yaqin odam tashrif buyurgan bo‘lsa, 9 sentabrda kelganlar soni 200 mingdan oshdi. Mehmonlar nafaqat Qashqadaryoning turli tumanlaridan, balki uzoq viloyatlar va hatto Qoraqalpog‘iston Respublikasidan ham tashrif buyurishgan. Bugun yakshanba va ob-havoning ochiqligi ham bayramga keluvchilar sonining oshishiga sabab bo‘lgan, ehtimol. Ayniqsa, kechga borib Shahrisabzning bosh maydonida sayr qiluvchilar soni juda ko‘paydi", - deydi Bosh vazir o‘rinbosari. 

Shuningdek, 9 sentabr kuni Shahrisabzda har bir viloyat vakillari o‘zlarining pazandachilik san'ati bo‘yicha mahoratlarini namoyish etishdi. O‘zbek milliy taomlari festivali o‘tkazildi, mahorat darslari tashkil etildi. Tashrif buyurgan mehmonlar har bir viloyatning o‘ziga xos milliy taomlarini iste'mol qilib, baho berishdi. 

Shahrisabzdagi mahalliy aholi vakillari bosh maydonning bu darajada to‘lib ketishini xayollariga ham keltirmaganlarini ta'kidlashmoqda. Zero, saylgohda "hatto oyoq bosishga ham joy qolmagan". Rang-barang konsert dasturlari, hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari, shuningdek xavfsizlik xizmatlari odamlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. 

Shahrisabzning tarixiy qismi joylashgan maydon 87 gektar bo‘lsa, shundan 51 gektarida festival hududi tashkil etilgan va bugun u mehmonlarga to‘la.

Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, I Xalqaro Maqom forumida 70 dan ortiq mamlakatdan 302 kishi hamda YuNeSKO xalqaro tashkiloti vakillari ishtirok etishgan. Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Shveytsariya, Shvetsiya, Ispaniya, Italiya, Gretsiya, Misr, Isroil, Hindiston, Eron, Iroq, Yaman, XXR, Kuvayt, Lyuksemburg, Meksika, Myanma, Saudiya Arabistoni, Rossiya, AQSh, Suriya, Janubiy Koreya, Ozarboyjon, Qozog‘iston va qator boshqa mamlakatlardan kelgan ishtirokchilar o‘z san'atlari bilan yig‘ilganlarni bahramand etishdi. Shulardan 31 nafari VIP-mehmonlar bo‘lib, ular orasida besh mamlakat - Ozarboyjon, Tunis, Zimbabve, XXR va Kuvaytning YuNeSKOdagi elchilari ham bor.

Maqom festivalini yoritish uchun 25 mamlakatdan 42 jurnalistlar guruhi ro‘yxatdan o‘tgan. 

Xalqaro maqom forumiga 6 sentabrda start berilgan bo‘lsa, bayram tantanalari 10 sentabrga qadar davom etadi.                                 

Mavzuga oid