Karimov fondi nega xalqaro koalitsiyaga Qarshi-Xonobod aerodromi taqdim etilganini ma'lum qildi
Bundan 17 yil avval, 2001 yil 11 sentabr kuni AQShda 3000ga yaqin inson hayotiga zomin bo‘lgan fojia – tarixdagi eng mudhish terrorchilik hujumi ro‘y berdi, deb yozmoqda Islom Karimov fondi Facebook’dagi sahifasida.
Xudkush qo‘poruvchilar to‘dasi to‘rtta yo‘lovchi samolyotini garovga oldi, ularning ikkitasi Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi joylashgan 110 qavatli egizak binolarga borib urildi, uchinchi samolyot AQSh Mudofaa vazirligining Vashingtondagi binosiga, to‘rtinchisi esa Pittsburg shahridan 80 mil nariga quladi.
Ushbu dahshatli voqea, ta'bir joiz bo‘lsa, dunyoni ostin-ustun qilib yubordi.
Xalqaro koalitsiya kuchlari tomonidan Afg‘onistonda aksilterror operatsiyalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishda esa O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning qo‘llab-quvvatlashi muhim rol o‘ynadi. Darhaqiqat, Islom Karimovning pozitsiyasi muhim ahamiyat kasb etdi. 1989 yili Afg‘onistondan sovet qo‘shinlari chiqib ketgach, O‘zbekiston ushbu mamlakatdan yoyilayotgan tahdidlarga qarshi yolg‘iz o‘zi kurashishga majbur bo‘lganini inobatga olish kerak.
“1997 yili toliblar O‘zbekiston sarhadlariga yaqin kelib, mamlakatning chegara shahri – Termizning aholi yashash mavzelariga raketa otib, ochiq-oshkora tahdid solgan paytda ham yosh davlatimizga chegarani mustahkamlash va mudofaa qobiliyatini oshirish borasida hech kim amaliy yordam ko‘rsatmagan.
Ta'kidlash joizki, o‘sha kezlar Afg‘oniston Markaziy Osiyo davlatlaridagi dunyoviy tuzumlarni ag‘darib, diniy fundamentalizm tamoyillariga asoslangan boshqaruvni o‘rnatishga harakat qilgan radikal kayfiyatdagi jangarilar tayyorgarlikdan o‘tadigan asosiy markazlardan biri edi. Mazkur kuchlar O‘zbekistonda terrorchilik aktlarini sodir etgan, qo‘shni Tojikistondagi fuqarolar urushida ham qatnashgan edi. Bu jihatdan, 1990-yillarda Tolibon rejimiga qarshi tura oladigan asosiy kuch sanalgan “Shimoliy alyans” tor-mor etilgach, mutaassib jangarilar vaqt o‘tishi bilan Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekistonda faol harakat boshlashi kundek ravshan edi”, - deb yozadi I.Karimov fondi.
Bularning barini hisobga olgan Islom Karimov “kimning qo‘li baland kelarkan” deya tomoshabin bo‘lib turmadi, bil'aks, qo‘shni mamlakatdagi terrorchilar o‘chog‘iga aylangan barcha lagerlarni yopishga va'da bergan xalqaro koalitsiya kuchlariga baholi qudrat yordam ko‘rsatdi.
2001 yil 30 sentabr va 5 oktabr kunlari AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni Tommi Frenks hamda AQSh Mudofaa vaziri Donald Ramsfeld Toshkentga kelib, prezident Islom Karimov bilan uchrashdilar.
“Erishilgan kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston janubidagi Qarshi-Xonobod aerodromi AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaga aksilterror operatsiya o‘tkaziladigan muddatga berildi. Aerodrom orqali Afg‘oniston aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatish, qo‘shinning front orti ta'minoti, shuningdek, qidirish hamda qutqarish operatsiyalari kabi chora-tadbirlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan edi”, - deyiladi fond xabarida.
Mavzuga oid
13:30 / 20.11.2024
O‘zbekiston va AQSh afg‘on masalasi bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi
17:22 / 17.11.2024
Tramp Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarini olib chiqqanlarni jazolamoqchi – OAV
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
18:05 / 06.11.2024