Kun.uz tahririyatiga Rossiya Federatsiyasiga qonuniy yo‘l bilan ishlab, pul topish maqsadida ketgan va sargardon bo‘lgan, og‘ir mehnat va yashash sharoitlaridan qiynalgani uchun yurtimizga qaytib kelgan fuqarolardan murojaat kelib tushdi.

Murojaatnomada ta'kidlanishicha, ular Samarqand shahrida joylashgan «Rossiya Federatsiyasiga mehnat migrantlarini ketishdan oldin tayyorlash va jo‘natish markazi» tomonidan ishga yuborilgan. 

«Moskvaga yetib borganimizda «Trudovyye rezervy Yevrazii» OOO bilan shartnoma imzoladik. Patent 25 kunda emas, 10 kundan ziyod kechikib olindi. Keyin bizni bir tashkilot omborxonasiga ishga qo‘yishdi. U yerda bizga ko‘rsatilgan shartnomadan tubdan farq qiluvchi shartnoma ko‘rsatishdi va xohlasang shu deyishdi. Changib yotgan sklad va og‘ir ishda men va sheriklarim ishlab ko‘rishdi. Keyin shartnoma shartlari umuman boshqa bo‘lganligi va ish haqi qariyb ikki barobar kamligi uchun norozilik bildirdik. Bizni yana bir boshqa joyga ishga o‘tkazishdi.  U yerda esa mehnat shartnomasini bir necha kundan so‘ng berishdi. Unda aniq summaning o‘zi yo‘q. Biz bilan O‘zbekistonda tuzilgan shartnomaga umuman mos kelmaganligi sababli do‘stimdan qarz olib, qaytib keldik. Orada juda ko‘p sarson bo‘ldik. Nega bizni bunchalik etiborsiz qoldirishdi? Bir necha kunlik sarson-sargardonlik va hech qayerga o‘tmaydigan soxta shartnomalar kimga va nega kerak edi? Kuzatib boruvchi uchun pul to‘lagandik, tibbiy ko‘riklardan o‘tib boruvdik va shunga o‘xshash xizmatlar va patent xarajatlari uchun pul undirishdi. Amalda esa kuzatib boruvchi yo‘q, tibbiy ma'lumotnomalar keraksiz qog‘oz bo‘ldi. Patentga berilgan pullar esa yo‘q ish uchun to‘langan bo‘lib chiqdi. Men bilan ketganlarning ko‘pi boshqa ish izlab ketdi. Vokzallarda tunashga majbur bo‘lishdi. Bizga yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplashini va aldanib yurgan har bir kunimiz uchun ma'naviy zararni to‘lashini talab qilaman», – deydi Samarqand shahrida yashovchi G‘anijon Ikromov.

Uning ta'kidlashicha, 2018 yil may oyida Samarqand shahrida joylashgan «Rossiya Federatsiyasiga mehnat migrantlarini ketishdan oldin tayyorlash va jo‘natish markazi»dan ro‘yxatdan o‘tgan. Tanlovdan o‘tgandan keyin tibbiy ko‘rikka yo‘naltirilgan. Tibbiy ko‘rikning o‘ziga 300 ming so‘mdan ziyod sarflangan. (Shu yerdan boshlab sarflangan xarajatlarni hisoblab boramiz). 2018 yil 1 iyun kuni tayyorlash va jo‘natish xarajatlari uchun 1 687 400 so‘mdan to‘lovni amalga oshirishadi.