O‘zbekiston | 16:49 / 17.09.2018
7045
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik harbiylar qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarda ishtirok etish uchun So‘g‘d garnizoniga yetib keldi

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiylari qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarda ishtirok etish uchun Toshkent hamda Farg‘ona viloyatidagi chegara va bojxona nazorat o‘tkazish postlari orqali Tojikiston Respublikasiga yetib keldi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Ular tojikistonlik harbiylar, shuningdek, texnikalar kolonnasi hamrohligida So‘g‘d viloyatidagi “Chorruh-Darron” aholi yashash punktida joylashgan So‘g‘d garnizoni dala o‘quv markaziga joylashdilar.

Bu yerda hamkorlikdagi mashqlarda ishtirok etuvchi shaxsiy tarkib uchun chodirli shaharcha barpo etilgan bo‘lib, ularning dam olishi, tibbiy xizmatlardan foydalanishi, ovqatlanishi hamda sport bilan shug‘ullanishiga yetarli shart-sharoitlar yaratilgan.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar tomonidan chodirli shaharcha bo‘ylab mamlakatimiz tarixi, buguni va ertasi hamda buyuk ajdodlarimiz siymolari aks etgan suratlar, shuningdek, badiiy kitoblar bilan bezatilgan ko‘chma ma'naviyat xonasi tashkil qilindi.

Hamkorlikdagi mashqlarda 100 dan ziyod o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar o‘zining shtatdagi qurol-aslahalari, yengil zirhlangan avtomobillari bilan ishtirok etmoqda. O‘quv mashg‘ulotlarining asosiy fazasida HHK va HHM qo‘shinlarining ikkita zamonaviy vertolyotlari qatnashishi ko‘zda tutilgan.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Bugun, 17 sentabr kuni soat 17.00 da O‘zbekiston hamda Tojikiston harbiylari ishtirokidagi do‘stona hamdo‘stlik mashqlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Unda Tojikiston tomonidan bosh shtab boshlig‘i – mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari general-mayor Emomali Sobirzoda qatnashadi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

 

Mavzuga oid