O‘zbekiston | 02:55 / 18.09.2018
120195
3 daqiqa o‘qiladi

Aqto‘be fojiasi: avtobus haydovchisi sudda yangi detallarni hikoya qilib berdi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Qozog‘istonning Aqto‘be oblasti Irg‘iz rayonida yonib ketgan va O‘zbekistonning 52 fuqarosi umriga zomin bo‘lgan avtobus haydovchilaridan biri Barat Tanatov boshdan-bosh yo‘lovchi sifatida avtobusga chiqqanini aytgan. Bu haqda Tengrinews.kz sud zalidagi muxbiriga tayanib xabar bermoqda.

Uning ta'kidlashicha, u yonayotgan insonlarni qutqarishga uringan, avtobus derazalarini sindirgan, avtobusda uxlab yotgan yo‘lovchilar derazadan sakrashlari uchun baqirgan.

«Umuman, men Qozon shahriga borayotgan edim, u yerdan Nijniy Novgorodga o‘tib, mashina sotib olmoqchi edim. Mening yonimda pul bor edi. Lekin keyinchalik Pernebekov meni avtobusni haydashda yordamlashishga ko‘ndirdi, menga pul va'da qildi. Men rozi bo‘ldim, avtobusni Chimkentdan Jangiqo‘rg‘ongacha boshqardim», — deb hikoya qilgan Tanatov.

Sudlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, avtobus ichi sovuq bo‘lgan va yo‘lovchilar payalnik bilan isinishgan.

«Ro‘paradan kelayotgan avtobus yonimizda to‘xtadi, uning nimasidir ishdan chiqqan ekan. Men haydovchilar bilan gaplashish uchun chiqdim, avtobusimizdan avval Qirg‘izboyev chiqdi. So‘ngra yana bir kishi, uning shimi yonayotgan edi. Men ikkinchi avtobusdan o‘t o‘chirgichni oldim, biroq u ishlamas ekan, shunda men u bilan derazalarni urib sindira boshladim, odamlar sakrashi uchun baqira boshladim. Qirg‘izboyev ham yonimda derazalarni sindirishga urinardi. Odamlar baqirardi, xaos boshlandi. Lekin hech kim sakramadi», — deb eslaydi 18 yanvar voqealarini Barat Tanatov.

Haydovchining aytishicha, avtobus qandaydir 10-15 daqiqa ichida to‘liq kuyib kulga aylangan.

Eslatib o‘tamiz, Maksat Pernebekov, Nurjon Qirg‘izboyev, Barat Tanatov 2018 yilning 24 yanvarida QR Jkning 345-moddasi 4-qismida ko‘zda tutilgan jinoyatda ayblanib, qo‘lga olingan. Ular transport vositasini boshqarish qoidalarini buzganlikda ayblanishmoqda. 

Prokuratura ma'lumotlariga ko‘ra, avtobusda yong‘in chiqishiga sabab avtobus salonida kavsharlovchi lampadan foydalanish oqibatida haydovchilar tomonidan avtotransport vositasidan foydalanish va yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish bo‘lgan.

To‘plangan fakt va ma'lumotlar asosida avtobusning har uchala haydovchisi mazkur jinoyatga aloqadorligi aniqlangan.

Qozog‘istonning Aqto‘be oblasti Irg‘iz rayonida yo‘lovchi avtobus 18 yanvar kuni soat ertalabki 10:30 da yonib ketgan. Favqulodda holatlar bo‘yicha qo‘mitaning ma'lumotlariga ko‘ra, yonayotgan transport vositasidan 5 kishi qutulib chiqqan, 52 kishi voqea joyida halok bo‘lgan.

Mavzuga oid