Jamiyat | 11:10 / 18.09.2018
3917
3 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar bandligini ta'minlashga xizmat qiluvchi Xalqaro ko‘rgazma yangi yo‘nalishda o‘z ishini boshlaydi

20-22 sentabr kunlari «Yoshlar ijod saroyi»da O‘zbekistondagi hamda dunyodagi yetakchi oliy ta'lim muassasalarida mavjud bo‘lgan kasb va mutaxassislik yo‘nalishlari bilan yoshlarni tanishtirish, kasb tanlashga ko‘maklashish, hukumat tomonidan ta'lim sohasida yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni targ‘ib qilish, bo‘sh ish o‘rinlari haqida yoshlarga ma'lumotlar berish, ularning bandligini ta'minlashga ko‘maklashish maqsadida an'anaviy tarzda tashkil etiladigan «Ta'lim va mutaxassislik» XIX Xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Ko‘rgazma O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamkorligida tashkil etilmoqda.

Ko‘rgazma ta'lim va bandlik yo‘nalishlarida tashkil etilib, unda mahalliy oliy ta'lim muassasalari hamda AQSh, Xitoy, Fransiya, Hindiston, Yaponiya, Germaniya, Latviya, Chexiya, Angliya, Malayziya, Vengriya, Ispaniya, Rossiya, Kanada, Shveytsariya, Singapur kabi davlatlardagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari va ularning O‘zbekistondagi filiallari, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan oliy ta'lim muassasalari, xorijda ta'lim olishga ko‘maklashuvchi tashkilotlar, nodavlat ta'lim muassasalari hamda o‘quv kurslari ishtirok etishi kutilmoqda.

Shuningdek, ko‘rgazma davomida bozor iqtisodiyoti sharoitida eng raqobatbardosh, talab qilinayotgan mutaxassisliklar bilan tanishtiruvchi ta'lim dasturlari namoyish etiladi hamda bandlikka ko‘maklashuvchi markazlar, yirik kompaniyalar ishtirokida «Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi» o‘tkaziladi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi markazlar tomonidan yoshlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, axborot texnologiyalari sohasidagi bilimlarini oshirish va xorijiy tillarini o‘rgatishga qaratilgan bepul to‘garaklar va o‘quv kurslarida ta'lim olish to‘g‘risidagi taqdimotlar ishtirokchi yoshlarda katta qiziqish uyg‘otishiga shubha yo‘q.

Navbatdagi ko‘rgazmada ilk bora Toshkent shahridagi kasb-hunarga o‘rgatish markazi va xorijda ishlash istagida bo‘lgan yoshlar uchun Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi faoliyati bilan tanishish imkoniyati yaratiladi.

Mazkur ko‘rgazmaning ochilish marosimida Yoshlar ittifoqi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamkorligida birinchi marotaba tashkil etilgan «Men tanlagan oliygoh» videoroliklar tanlovining taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tadi.

«Ta'lim va mutaxassislik» XIX Xalqaro ko‘rgazmasiga uch kun davomida 14 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan 20 mingga yaqin yoshlar tashrif buyurishi kutilmoqda.

Mavzuga oid