Sport | 11:22 / 18.09.2018
4267
2 daqiqa o‘qiladi

Osiyo o‘yinlarida o‘zbek kurashi bo‘yicha vazn toifalari soni oshiriladi

Osiyo Olimpiya Kengashi rahbariyati navbatdagi Osiyo o‘yinlarida o‘zbek kurashi bo‘yicha bellashuvlar doirasini kengaytirish taklifi bilan chiqqan. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov O‘zA`ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Foto: O‘zA

«Osiyo o‘yinlari davomida, kurashning ommaviyligi, ushbu sport turiga bo‘lgan qiziqishni hisobga olib, Osiyo Olimpiya Kengashi rahbarlari navbatdagi musobaqalarda kurash bo‘yicha bellashuvlar vazn toifalarini yettitadan 10 yoki 12 tagacha ko‘tarish taklifini bildirishdi», - deb aytgan MOQ rahbari.

Umid Ahmadjonovning ma'lum qilishicha, 2022 yilgi Osiyo o‘yinlarining o‘zbek kurashi bo‘yicha musobaqalarida vazn toifalari soni oshiriladi.

«Umid qilamanki, kelajakda kurashni Olimpiya o‘yinlari dasturida ko‘rish ham bizga nasib etadi», - deya qo‘shimcha qilgan MOQ prezidenti.

Eslatib o‘tamiz, o‘zbek kurashi ilk marta Indoneziyada bo‘lib o‘tgan yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan va unda 7 ta vazn toifasida bahslar bo‘lib o‘tgan edi. Shundan 6 ta vazn toifasida o‘zbekistonlik polvonlar oltin medallarga sazovor bo‘lishdi. Shuningdek, ushbu sport turida 2 ta kumush va 4 ta bronza medallari ham qo‘lga kiritildi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid